Toshkentda avtobuslarning yo‘lovchi tashishdan olgan daromadi ma’lum qilindi

25.02.2026 | 15:402 daqiqa

Raqamlashtirish va oraliq vaqt qisqartirilishi natijasida poytaxt avtobuslarida kunlik yo‘lovchi oqimi 1,4 millionga yetdi.

Toshkentda avtobuslarning yo‘lovchi tashishdan olgan daromadi ma’lum qilindi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahrida avtobusda yo‘lovchi tashishdan olingan daromad 644,6 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu 2024 yilga nisbatan 90,2 milliard so‘mga yoki 16,2 foizga ko‘pdir. Yil davomida jami 412,4 million yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 85,7 millionga oshgan. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali reportajida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, yo‘l haqi to‘lovining to‘liq raqamlashtirilishi tushumlarni oshirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga xizmat qilgan.

Transport vazirligi huzuridagi Raqamli transport markazi loyiha rahbari Ubaydulla Ergashevga ko‘ra, har bir avtobus qatnovi, bekatlarga to‘xtashi va jadvalga rioyasi to‘liq nazoratga olingan.

«Har bitta avtobusning qatnovi, aniq bajarilishi kerak bo‘lgan vaqti, bekatlarga to‘xtashi, vaqtida chiqib ketishi — hammasi to‘liq nazoratga olinib, qatnovlari uchun olinadigan daromadlar aniqlanadi. Avtobuslarga maxsus yo‘lovchilar oqimini hisoblovchi qurilmalar o‘rnatilgan», dedi u.

Yo‘lovchi oqimining oshish sababi

Toshkent yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish markazi direktori o‘rinbosari Alimardon Abdullayevning ma’lumotlariga ko‘ra, avtobuslar harakat intervali ikki barobarga qisqarib, 18–20 daqiqadan 8–10 daqiqaga tushgan. Natijada kunlik yo‘lovchi oqimi 650 mingdan 1,4 milliongacha ko‘paygan.

2025 yil 1-yanvardan poytaxt avtobuslarida naqd pulda to‘lov bekor qilindi. Yo‘l haqini ATTO transport va virtual kartalari, UzCard va Humo kontaktsiz kartalari, Visa, MasterCard, UnionPay to‘lov tizimlari hamda Click, Uzum va Plum ilovalari orqali amalga oshirish mumkin. Naqd pulda esa 3000 so‘mlik bir martalik QR-chipta sotib olinadi, naqd pulsiz to‘lov esa 1700 so‘mni tashkil etadi.

Transport nazorati inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil boshidan buyon 18,6 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lamagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Rasmiylar qayd etishicha, raqamlashtirish haydovchilarni naqd pul bilan bog‘liq hisob-kitobdan xalos qilib, harakat xavfsizligi va shaffoflikni ta’minlagan.

Teglar

Mavzuga oid