
Toshkentda chiqindidan qarzdor 6 ming fuqaroning elektr to‘loviga cheklov qo‘yildi
2025 yilning 5-noyabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida chiqindi xizmatlaridan qarzdorlik 2 mlrd 239 mln so‘mni tashkil etgan.

Toshkent shahrida chiqindi xizmatlaridan qarzdor bo‘lgan 6 mingga yaqin fuqaroga nisbatan elektr energiyasi to‘lovlariga vaqtincha cheklov qo‘yildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur chora «Chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlariga oid to‘lov intizomini mustahkamlash to‘g‘risida»gi 2025 yil 7-martda qabul qilingan 1044-sonli Qonun asosida amalga oshirilmoqda. Yangi tartibga muvofiq, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdorlar haqidagi ma’lumot «Toza makon» elektron tizimi orqali «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga yuboriladi.
2025 yilning 5-noyabr holatiga ko‘ra, Toshkent bo‘yicha chiqindi xizmatlaridan qarzdorlik 2 milliard 239 million so‘mni tashkil etgan. Shu munosabat bilan 25 mingdan ortiq abonentga 2100 raqamli SMS orqali ogohlantirish yuborilgan. Belgilangan besh kunlik muhlat ichida qarzini to‘lamagan 6 ming nafar abonentning elektr to‘lov amaliyotlari vaqtincha to‘xtatildi.
Ayni paytda shaharda chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlik hajmi 582 million so‘mdan ortiqni tashkil etmoqda. Mas’ul idoralar ma’lum qilishicha, qarzdorlik bartaraf etilgan zahoti cheklov bekor qilinadi.
Shuningdek, bu tartib 2025 yil 1-iyuldan keyingi qarzdorliklarga tatbiq etiladi, ya’ni 30-iyungacha bo‘lgan qarzlar ushbu chora doirasiga kirmaydi. Dekabrdan boshlab esa ushbu tizim respublikaning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda maishiy chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat elektron tizimlar orqali amalga oshirilishi haqida xabar bergandik.





