add

Toshkentda havoni ifloslantirgan yana 4 qurilish to‘xtatildi

Kecha 17:152812 daqiqa

Poytaxtda o‘tkazilgan keng ko‘lamli ekologik tekshiruvlar natijasida yana 4 ta qurilish to‘xtatilib, 41 kishi javobgarlikka tortildi.

Toshkentda havoni ifloslantirgan yana 4 qurilish to‘xtatildi

Toshkent shahrida ekologik holatni yaxshilash maqsadida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar natijasida bir qator qonuniy talablar buzilgani aniqlandi. Bu haqda shahar ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya xabar berdi.

Nazorat tadbirlarida jami 97 ta qurilish maydoni o‘rganildi. Shu jarayonda 14 ta holatda chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini cheklashga oid qoidalar buzilgani ma’lum bo‘ldi. Yana to‘qqizta ob’ektda esa atmosferaga chiqarilayotgan iflos moddalar belgilangan me’yordan oshib ketgan. Qo‘shimcha ravishda, 52 ta maydonda hududning kamida 25 foizi ko‘kalamzorlantirilmagani qayd etildi.

Kamchiliklarni bartaraf etish doirasida bir qator profilaktik ishlar amalga oshirildi. Xususan, oltita ob’ektga suv purkagichlar o‘rnatildi, 12 ta maydonda avtotransport vositalari g‘ildiraklarini yuvish uchun maxsus hovuzlar tashkil etildi. Bundan tashqari, salbiy holatlarni bartaraf etish uchun 14 ta yozma ko‘rsatma berildi.

Tekshiruvlar natijasida 47 nafar shaxs rasman ogohlantirildi, 41 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Shu bilan birga, 3-dekabr kuni o‘tkazilgan reydlar davomida Toshkent viloyatidagi bir qator tumanlardagi 430 ta issiqxona faoliyati ham o‘rganildi. Jami 22 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Mazkur chora-tadbirlar Prezident tomonidan noyabr oyi oxirida tasdiqlangan ekologik dastur doirasida amalga oshirilmoqda.

Tezkor guruhlar 24–25-noyabr kunlari hududlardagi issiqxonalar va boshqa korxonalarda ham tekshiruvlar o‘tkazgan. Ular natijasida 34,8 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanilib, 15 ta obyekt vaqtincha yopilgan.

Teglar

Mavzuga oid