
Toshkentda IQAir xaritasidan qariyb barcha stansiyalar yo‘qolib qoldi
03.09.2025 | 08:0045853
IQAir servisida Toshkent bo‘yicha havo sifatini o‘lchovchi stansiyalar keskin kamaydi — hozir xaritada faqat O‘zgidrometga tegishli 4 ta stansiya qolgan.

Toshkent shahrida havo sifatini monitoring qiluvchi IQAir servisida ko‘rsatiladigan stansiyalar soni keskin qisqarib ketdi. Avvalgi o‘nlab stansiyalarning aksariyati xaritadan yo‘qolgani qayd etildi. Hozirda faqat 4 ta stansiya faol ko‘rinmoqda va ularning barchasi O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markaziga tegishli, deb yozmoqda Tashkent Land
Bu o‘zgarish shaharda havo sifati yomonlashgan paytda yuz bermoqda. So‘nggi kunlarda Toshkentda havodagi zarralar konsentratsiyasi ortib borayotgani kuzatilmoqda. Biroq aholi havo sifati haqida real vaqtdagi ma’lumotlarni olish imkoniyati cheklanib bormoqda.
Ayni paytda bu muammo faqat Toshkentga xos emas. IQAir platformasidagi global ma’lumotlarga ko‘ra, Bishkekda ham o‘nlab stansiyalardan faqat bittasi qolgan. Hududiy texnik nosozlik yoki ma’lumot uzatishdagi uzilishlar ehtimoldan xoli emas.
IQAir hozircha bunday keng ko‘lamli uzilishlar sababini rasman izohlamadi. Biroq kuzatuvchilar bunday holatlar aholi uchun xavf-xatarli ekanini va havo sifati monitoringida shaffoflik ta’minlanishi kerakligini ta’kidlashmoqda.
Hozircha O‘zgidrometga tegishli to‘rtta stansiya faoliyat yuritmoqda va ular orqali faqat real vaqt rejimida ma’lumotlar olish mumkin. Albatta, mustaqil stansiyalar faoliyatisiz havo sifati haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkoni cheklanadi.





