add

Toshkentda ko‘chalar yagona dizayn-kod asosida ta’mirlanadi

10.07.2025 | 11:4043153

Poytaxt ko‘chalari bino fasadidan trotuar va yashil hududlargacha yaxlit holda ta’mirlanib, yangi standartlar asosida piyoda va velosipedchilarga qulay muhit yaratiladi. Bu orqali shahar ko‘rinishi tizimli tarzda o‘zgartiriladi.

Toshkentda ko‘chalar yagona dizayn-kod asosida ta’mirlanadi
Toshkent shahrida ko‘cha-yo‘l infratuzilmasi yagona dizayn-kod asosida kapital ta’mirlanadi. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov 9 iyul kuni Prezidentga taqdim etilgan «Yechimlar atlasi» taqdimoti chog‘ida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, loyiha Britaniya va Rossiya mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilgan dizayn-kod asosida amalga oshiriladi. Loyiha doirasida China State Construction Engineering Corporation kompaniyasi tomonidan 200 km uzunlikdagi yo‘llar «binodan binogacha» tamoyilida, ya’ni bino fasadlari, trotuarlar va yashil hududlarni qamrab olgan holda obodonlashtiriladi. bugungi kungacha yo‘llar asosan «qizil chiziq» doirasida ta’mirlangan bo‘lsa, endi ular ikki tomonlama yaxlit hudud sifatida rivojlantiriladi. Shahar hokimining ta’kidlashicha, yagona standartlar yo‘qligi sababli ko‘plab qurilish ishlari tizimsiz olib borilgan. Yangi yondashuvlar bu muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Bosh reja alohida detallargacha ishlab chiqilgan bo‘lib, har bir joyda piyoda va velosiped harakati xavfsizligi birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Qurilish vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov ta’kidlashicha, yangi standartlar AASHTO va NACTO kabi xalqaro mezonlar asosida ishlab chiqilgan. Ular nafaqat Toshkentda, balki Yangi Toshkent loyihalarida ham tatbiq etiladi. Prezident topshirig‘iga binoan, loyiha joriy iqlim sharoiti va ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish talablarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda ko‘chalar yagona dizayn-kod asosida ta’mirlanadi | Vaqt.uz