
Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi
15-16-noyabr kunlari Toshkent shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ham ishtirok etadi.

15-16-noyabr kunlari Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda prezident axborot xizmati xabar berdi.
Sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart TO‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etadi.
Tadbir kun tartibidan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan. Mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.
Maslahat uchrashuvi yakunlariga ko‘ra ko‘p tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.
Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston yetakchisi tomonidan 2017 yilning sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi davrida hamkorlikning turli sohalarini qamrab oluvchi 20 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan O‘zbekiston milliy axborot agentligi intervyu tashkil qilgan edi.





