add

Toshkentda Milliy nevrologiya markazi tashkil etiladi

20.08.2025 | 10:3031965

Prezident tibbiyotda sun’iy intellekt, yangi markazlar va xalqaro standartlar orqali aholi salomatligini ta’minlashga qaratilgan takliflarni ma’qulladi.

Toshkentda Milliy nevrologiya markazi tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 avgust kuni sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Davlat rahbari sohadagi yuksak yuklama asosan respublika miqyosidagi muassasalarga tushayotganini ta’kidlab, xizmatlarni viloyat va tumanlarda kengaytirish zarurligini qayd etdi. Taqdimotda Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya tibbiyot markazini Toshkentda tashkil etish rejasi bildirildi. 250 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy binoda yiliga 3 mingdan ortiq jarrohlik amaliyoti o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Samarqand va Buxorodagi tibbiyot klinikalari zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanib, yapon hamkorlar ko‘magida erta reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha uchun 150 million dollar ajratilib, 150 nafar mutaxassis xorijda malaka oshiradi. Shu bilan birga, aholi salomatligida asosiy xavf omillari hisoblangan gipertoniya, yurak ishemik kasalligi va qandli diabetga qarshi birlamchi bo‘g‘inda sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinadi. EKG-telemetriya, telemeditsina, trombolizis terapiya va stentlash usullari amaliyotga kiritiladi. Loyihalar doirasida tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, laboratoriya tizimini yangilash va 2030 yilga qadar 198 ta markazlashgan laboratoriya tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, bepul tahlillar soni ko‘paytiriladi. Shsningdek, hamshiralar akademiyasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Professional tibbiyot akademiyasiga aylantirish taklif etildi. Xalqaro hamkorlikda yangi dasturlar joriy qilinib, hamshiralarni NCLEX imtihoni asosida xalqaro sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlash yo‘nalishiga qabul bosqichma-bosqich ko‘paytiriladi. Barcha o‘quv dasturlari xalqaro talablar asosida akkreditatsiyadan o‘tkazilib, oilaviy tibbiyot bo‘yicha integratsiyalashgan ta’lim va bir yillik internatura joriy etiladi. “Bemor yonida” o‘qitish usuli, ikki bosqichli bilim baholash va tibbiyot xodimlarini ro‘yxatga olish tizimi amalga kiritiladi. Jamoat salomatligi sohasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasiga, onalar va bolalar o‘limni kamaytirishga qaratilgan milliy dastur ishlab chiqiladi. Qon xizmatida 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan dastur qabul qilinib, tibbiyot muassasalarining qon bilan to‘liq ta’minlanishi, qon preparatlari ishlab chiqarish va xavfsizlikning zamonaviy usullari joriy etilishi nazarda tutilgan. Farmatsevtika bozorida dori vositalarini JST mezonlari asosida ro‘yxatdan o‘tkazish, bioekvivalent sinovlar va tibbiy buyumlarni xavfsizlik sinflari bo‘yicha baholash tartibi joriy etiladi. Shu bilan birga, texnologiyalar transferi va farmnazoratning zamonaviy mexanizmlari rivojlantiriladi. Prezident takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni imzoladi va ijroni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid