
Toshkentda narxi pasaygan uy-joylar, Ko‘kdaladagi ikkinchi portlash va UzAuto Motorsning kamaygan foydasi – 6 avgust dayjesti
06.08.2025 | 22:002399
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbek olimlari Parkinsonni davolovchi yangi dori tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi
6 avgust kuni e’lon qilingan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, «Akademik S.Y.Yunusov» nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti olimlari tomonidan yaratilgan «Parkinson kasalligini davolash uchun vosita» nomli yangi preparat davlat ro‘yxatiga olindi.
Ushbu vosita tarkibida tikanakli kavar (Capparis spinosa L.) o‘simligining kurtaklari va pishmagan mevalaridan olingan ekstrakt mavjud. Undan tayyorlangan vosita asosan tabiiy biologik moddalar — polisaxaridlar (30–35%), flavonoidlar (5–10%) va suvda eruvchan oqsillar (20–25%)dan iborat. Vosita Parkinson kasalligining oldini olish va davolashda qo‘llaniladi hamda kam nojo‘ya ta’sirga ega.
O‘zbekistonda aholi kuniga 2 ming kishiga ko‘paymoqda: buning iqtisodiyotga ta’siri
2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 37,9 million nafarga yetdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yillik o‘sish 730 ming nafarni tashkil etdi. Bu iqtisodiyotga taxminan har kuni 2 ming kishining qo‘shilayotganini bildiradi. Ushbu o‘sish sur’ati Yevroosiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri sanaladi. Demografik bosim ish o‘rinlari, uy-joy ta’minoti, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida sezilarli talab uyg‘otadi. Ayniqsa, yirik shaharlardagi infratuzilma va transport tizimi uchun bu jiddiy sinov hisoblanadi.
Yanvar–iyun oylari orasida O‘zbekistonda 405,5 ming nafar chaqaloq tug‘ilgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yilning shu davriga nisbatan 14,4 mingga kam bo‘lib, demografiyadagi dinamika pastlayotganini ko‘rsatadi. Agar hozirgi tendensiya saqlanib qolsa, 2028 yilga borib O‘zbekiston aholisi 40 million nafardan oshib ketishi mumkin. Bu esa keng qamrovli islohotlar va uzoqni ko‘zlagan demografiya siyosati talabini kuchaytiradi.
Ko‘kdala tumanida yana gaz to‘ldirish shoxobchasida chiqqan yong‘in yuzasidan ma’lumot berildi
5 avgust kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida joylashgan «Oltindala» mahalasidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida yong‘in va portlash yuz berdi. Hodisa avtotsisternadan propan saqlash rezervuariga yoqilg‘i quyish paytida sodir bo‘lgan. Natijada 1 ta avtotsisterna va 10 kubli rezervuar yonib ketdi, haydovchi yengil kuyish jarohati oldi. 5 ta yong‘in-qutqaruv guruhi yong‘inni qisqa vaqtda bartaraf etdi.
Bu Ko‘kdala tumanida so‘nggi 20 kun ichida qayd etilgan ikkinchi shunga o‘xshash hodisadir. 16 iyul kuni ham xuddi shunday shoxobchada portlash sodir bo‘lib, 4 nafar fuqaro halok bo‘lgan edi.
UzAuto Motorsning yarim yillik foydasi 27,5 foizga kamaygan
Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan hisobotlariga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida UzAuto Motors tushumi 9,49 foizga kamayib, 21,2 trln so‘mni tashkil etdi. Yalpi foyda 22,8 foizga qisqarib, 3,43 trln so‘mga yetdi. Eng katta pasayish sof foydada kuzatildi — o‘tgan yilgi 1,91 trln so‘mdan 1,38 trln so‘mga tushib, 27,5 foizga kamaydi. Shu bilan birga, taqsimlanmagan foyda 11,2 trln so‘mdan oshdi.
Sotilgan mahsulot tannarxi 6,36 foizga qisqarыp, 17,7 trln so‘mni tashkil etdi. Xarajatlar o‘tgan yil darajasida qoldi — 2,33 trln so‘m (-2,2 foiz). Shu jumladan, sotish xarajatlari 645 mlrd so‘m (-4,2 foiz), ma’muriy xarajatlar 755,6 mlrd so‘m (-4,6 foiz), boshqa operatsion xarajatlar esa 935,4 mlrd so‘m (+1,1 foiz) bo‘ldi.
Toshkentda uy-joy va yer narxlari pasayishda davom etmoqda
Toshkentda uy-joy va yer narxlari pasayishda davom etmoqda. Markaziy bankning 2025 yil birinchi yarim yillik hisobotiga ko‘ra, poytaxtda ikkilamchi bozorda 1 kv.m uchun narx 15,4 mln so‘mdan 14,9 mln so‘mga tushgan, 1 sotix yer narxi esa 334 mln so‘mgacha pasaygan. Bu tendensiya energetika, ekologiya va transport sohasidagi muammolar kuchaygan paytda kuzatilmoqda. Sirdaryo, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida esa narxlardagi pasayish deyarli kuzatilmagan.
Shu bilan birga, respublika bo‘yicha ko‘chmas mulk bozorida faollik o‘smoqda — 177,5 mingdan ortiq bitim qayd etilgan, ipoteka kreditlari ajratilishi 36 foizga ko‘paygan. Birlamchi va ikkilamchi bozorda narxlar respublika miqyosida bioz o‘sgan bo‘lsa-da, Toshkentda ijara va sotib olish baholari pasayishda davom etmoqda. Markaziy bankning fikricha, yuqori taklif va ipoteka imkoniyatlari talabni barqaror ushlab turibdi, ammo uzoq muddatli pasayish xavfi saqlanib qolmoqda.





