
Toshkentda o‘zini DXX xodimi deb tanishtirgan firibgar qo‘lga olindi
05.08.2025 | 14:408682
Toshkentdagi tezkor tadbirda o‘zini DXX xodimi sifatida ko‘rsatgan Namanganlik shaxs firibgarlik yo‘li bilan pul olgan paytida qo‘lga tushgan.

Toshkent shahrida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro firibgarlik ustida ushlandi. U o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati xodimi sifatida tanishtirib, Namangan viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan xususiy korxona nomiga kelgan tovarlarni bojxona nazoratidan muammosiz o‘tkazishga va’da bergan.
Mazkur shaxs Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasida ishlaydigan «tanishlari» orqali rasmiylashtiruv jarayonini tezlashtirishini aytgan. Shu yo‘l bilan u korxona rahbaridan har bir yuk partiyasi uchun 500 AQSH dollaridan jami 1000 dollar olishga uringan.
DXX va bojxona idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda u aynan shu miqdordagi pulni olayotgan paytida qo‘lga olindi.
Tergovda ma’lum bo‘lishicha, u avval ham shu korxona rahbaridan bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirish bahonasida 1000 dollar olgan.
Ayni paytda ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.





