
Toshkentda quriladigan yangi aeroport: u qanday bo‘ladi?
02.08.2025 | 18:0111098
Toshkent shahridan janubda, Samarqandga olib boruvchi yo‘l va kelajakdagi pulli trassa yaqinida yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladigan yangi xalqaro aeroport quriladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

Hozirgi Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchi oqimi ortib borayotgani sababli, Toshkent shahridan 17 km janubda yangi zamonaviy aeroport qurish rejalashtirilmoqda. Yangi aeroport birinchi bosqichda yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi va 169 ta uchoqni qabul qilish hamda soatiga kamida 40 ta reysni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi aeroport loyihasi va uning ahamiyati
O‘zbekiston poytaxtida xalqaro aviaaloqalarni rivojlantirish, yuk va yo‘lovchi oqimini samarali tashkil etish maqsadida Toshkent viloyatida yangi aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda. Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ta’kidlashicha, yangi aeroport Toshkent shahridan 17 km janubda, Samarqand bilan bog‘lovchi amaldagi avtomobil yo‘li va kelajakda quriladigan pulli trassaga yaqin hududda joylashadi.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi va birinchi bosqichda yiliga 20 mlngacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, 169 ta samolyotni joylashtirish va soatiga kamida 40 ta uchish-qo‘nishni ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Terminal binosi samolyotga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiquvchi 14 ta «yenglar» bilan jihozlanadi, keyingi bosqichlarda bu raqam 45 taga yetkaziladi.
Mavjud aeroportning cheklovlari
Uzbekistan Airports kompaniyasi rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevning ma’lum qilishicha, hozirgi Toshkent xalqaro aeroportining imkoniyatlari tobora cheklanib bormoqda. Aeroport yiliga 11 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega, ammo kunning tig‘iz soatlarida tirbandliklar, avtoturargohlardagi muammolar va havo hududidagi cheklovlar kuzatilmoqda.
Aviatrafikning o‘sishi, turizm va xalqaro ishbilarmonlik faoliyatining kengayishi tufayli 2030 yilga borib xizmat ko‘rsatiladigan yo‘lovchilar soni 15 mlndan oshib ketishi kutilyapti. Biroq mavjud aeroportda bir vaqtning o‘zida bir nechta uchish-qo‘nish yo‘laklaridan foydalanish imkoni yo‘q, bu esa uning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.
Eslatib o‘tamiz, 1992 yil 24 iyulda Hukumatning «Toshkent aeroportini ko‘chirish haqida»gi qaror qabul qilingan.
O‘sha paytda bu qarorni Vazirlar Mahkamasi raisi (Islom Karimov)ning birinchi o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov imzolagan.
Qarorda Toshkent shahrida qulay ekologik vaziyat yaratish, respublika tashqi iqtisodiy faoliyati kengayayotgan sharoitda aviatsiyada tashishning o‘sib borayotgan hajmini to‘laroq qondirish maqsad qilingani haqida so‘z boradi.
Hozir kuchdan qolgan hujjatga ko‘ra, Toshkent aeroportining yangi manzili sifatida poytaxtdan 45 km janubi-g‘arbda va Chinoz shahridan 12 km shimolda joylashgan yer uchastkasi tanlangan.
Toshkent viloyati hokimligi uch oy muddat ichida (1992 yil oktabr) Qozog‘istonning Chimkent oblasti rahbariyati bilan aeroport kompleksining bir qismini Qozog‘iston hududida joylashtirish masalasini ishlab chiqish, muzokaralar natijasi bo‘yicha «Yangi» aeroporti qurilishi uchun yer uchastkasi ajratish va aniqlangan yer uchastkasi hamda unga tutash hudud chegarasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi bilan kelishmasdan har qanday qurilish ishlari olib borishni taqiqlash ta’kidlangan.
Shuningdek, 1993 yil 1 oktyabrgacha «Toshkent» aeroportini shahar tashqarisiga ko‘chirishning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish topshirilgan.
Ammo 2024 yilda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekistop Respublikasi hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida»gi qarori ko‘ra ushbu qaror ham bekor qilingan.
2020 yil fevral oyida esa Uzbekistan Airportsning o‘sha vaqtdagi raisi Rovshan Ismailov Toshkent aeroporti yil oxirigacha rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan. Unda 10 yil ichida aeroport shahar chegarasidan chiqarish, xalqaro aeroportni Toshkentdan 30−35 km uzoqlikda Angren yoki Chinoz tomon ko‘chirish rejalashtirilgani keltirilgan.
2022 yil iyun oyida esa Uzbekistan Airportsning sobiq rahbari Ra’no Jo‘rayeva shahardan 30 km uzoqlikda yangi Toshkent aeroportini qurish va uni xalqaro hab sifatida rivojlantirishni taklif qilgani, prezident va hukumat buning maqsadga muvofiqligini muhokama qilgan. Jo‘rayeva yangi uchish-qo‘nish yo‘laklarini qurishning imkoni yo‘qligi sababli havo bandargohining hozirgi quvvatlari uzog‘i bilan 2027 yilgacha yetishini ta’kidlagan.
Mehrinoza Farmonova tayyorladi.





