
Toshkentda rossiyalik gubernator uchun 238 mln so‘mlik ziyofat tashkil etilmoqda
07.08.2025 | 22:3021593
Sankt-Peterburg delegatsiyasining Toshkentga rasmiy tashrifi doirasida katta hajmdagi banket tashkil etiladi. Menyuda spirtli ichimliklar va turli xil taomlar mavjud.

Toshkent shahrida Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahri delegatsiyasi tashrifi doirasida rasmiy qabul – banket tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Rossiya davlat xaridlari portalida e’lon qilingan hujjatlarda ma’lum qilingan.
Tadbir Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida, diplomatik protokol asosida o‘tkaziladi. Banketda taxminan 80 nafar mehmon ishtirok etadi va tantana kamida 2 soat davom etadi.
Tashkilotchi tomon banket uchun xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar – ofitsiantlar va administratorlar bilan ta’minlaydi.
Hujjatda cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan taomlarni taqiqlash alohida qayd etilgan. Biroq, spirtli ichimliklar – shampan, qizil yoki oq vino, konyak va aroq taklif etilishi belgilangan. Shuningdek, baliq va go‘shtli gazaklar, turli salatlar, issiq ovqatlar, garnirlar, shirinliklar va salqin ichimliklar ham dasturxonga tortiladi.
«Talablarga muvofiq, taomnomada an’anaviy Sankt-Peterburg oshxonasi ro‘yxatidan kamida uchta taom bo‘lishi shart. Bunday taomlarning namuna ro‘yxati hujjatga ilova qilingan», deyiladi xabarda.
Ayni paytda banketda aynan qaysi taomlar taklif etilishi va marosim qayerda o‘tkazilishi aniq ma’lum qilinmagan.





