add

Toshkentda «SheScience 2025» — Markaziy Osiyo olimalari forumi bo‘lib o‘tmoqda

Bugun 11:53862 Daqiqa

Mamlakatda ilk bor o‘tayotgan «SheScience 2025» forumi mintaqadagi olimalarni birlashtirib, fan, innovatsiya va sun’iy intellektda hamkorlikni kuchaytirishga qaratildi.

Toshkentda «SheScience 2025» — Markaziy Osiyo olimalari forumi bo‘lib o‘tmoqda

27-noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyoda ilk bor «SheScience 2025» olima ayollar forumi ish boshladi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va O‘zbekistondan 60 dan ortiq olimalar, tadqiqotchilar hamda ekspertlar tadbirda ishtirok etmoqda. Forum mintaqada fan va innovatsiya sohasida ayollar ishtirokini kengaytirish, yangi ilmiy hamkorlik formatlarini yaratishni maqsad qilgan.

Tadbir doirasida ekologik xavfsizlik, sun’iy intellekt texnologiyalari, «yashil» innovatsiyalar, qayta tiklanadigan energiya, akademik tadbirkorlik va mintaqaviy startap ekotizimlarini shakllantirish bo‘yicha fikr almashinuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, ilm-fan kommunikatsiyasi va fanga ayollarni jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Forum yakunlari bo‘yicha ishtirokchi davlatlar tomonidan Qo‘shma bayonnoma qabul qilindi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlarining ilmiy va innovatsion ekotizimlarini integratsiya qilish, olimalar faolligini oshirish, qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirishga oid beshta ustuvor yo‘nalish belgilab berilgan. Hujjat forumni har yili mintaqadagi mamlakatlardan birida o‘tkazishni ham nazarda tutadi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova ochilish marosimida bu tashabbus mintaqaviy ilmiy hamkorlikda yangi bosqich boshlayotganini ta’kidladi. Uning ta’kidashicha, SheScience amaldagi ilmiy integratsiya, konsorsiumlar va yangi tashabbuslar uchun asos bo‘ladigan platformaga aylandi. Turdikulova qabul qilingan bayonnomani «deklaratsiya emas, amaliy yo‘l xaritasi» sifatida baholadi.

Forum O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan TWAS, OWSD, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etildi. Xorijiy hamkorlar CAREC, Horizon Europe va Erasmus+ dasturlari orqali moliyalash imkoniyatlarini taqdim etdi.

Qozog‘istonlik akademik Zarema Shaukeanova mintaqada alohida tashabbuslardan tizimli hamkorlikka o‘tish zarurligini qayd etdi. Uning fikricha, qo‘shma tadqiqotlar va uyg‘unlashtirilgan ta’lim dasturlari Markaziy Osiyoning ilmiy salohiyatini keskin oshiradi. Forumning muhim taqdimotlaridan birida qirg‘izistonlik Zurakan Kadenova sun’iy intellektni «kelajak fanining kaliti» deb baholab, mintaqada umumiy ma’lumot platformalari, AI dasturlari va fanlararo tadqiqotlarni rivojlantirishni muhim vazifa sifatida ko‘rsatdi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda «SheScience 2025» — Markaziy Osiyo olimalari forumi bo‘lib o‘tmoqda | Vaqt.uz