add

Toshkentda «Soyali sayr ko‘chalari» va havo nazorati tizimi yaratiladi

Bugun 14:551852 Daqiqa

Poytaxtda ifloslanishni kamaytirish, ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish va havo sifatini onlayn kuzatishni ta’minlovchi yangi ekoloyihalar amalga oshiriladi.

Toshkentda «Soyali sayr ko‘chalari» va havo nazorati tizimi yaratiladi

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida bir qator yirik tashabbuslar amalga oshiriladi. Bu haqda Prezidentning «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan.

Hujjatga muvofiq, shaharda havo sifati monitoringi tubdan yangilanadi, ko‘chalarda esa katta ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlanadi.

Ekologiya qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi va bir qator vazirliklar bilan hamkorlikda Toshkentning barcha tumanlarida «Soyali sayr ko‘cha»lari tashkil etiladi. Bu maqsadda «yashillik» darajasi past, uzunligi kamida 5 kilometr bo‘lgan ko‘chalar tanlab olinadi.

Shu bilan birga, 2026 yil bahor va kuz mavsumlarida shahar mahalliy byudjeti hisobidan 33 kilometrlik kichik halqa yo‘li bo‘ylab «Yashil koridor» barpo etiladi. Yo‘l bo‘ylab uzluksiz daraxtzor, obodlashtirilgan piyoda yo‘laklari va ekologik muhofaza elementlari joylashtiriladi.

Toshkent havosini real vaqtda kuzatish uchun 347 ta monitoring stansiyalari sotib olinadi. Air Monitoring Tashkent platformasi va Toshkent shahar hokimligiga tegishli 10 ta avtomatik monitoring stansiyasi Ekologiya qo‘mitasi boshqaruviga o‘tkaziladi va ma qo‘mita tomonidan Air Monitoring Uzbekistan platformasi ishga tushiriladi. Air Monitoring Uzbekistan platformasiga xarid qilinishi rejalashtirilgan 347 ta stansiya, Gidrometeorologiya xizmati tizimidagi barcha kuzatuv stansiyalari va «Zamin» fondi o‘rnatgan 23 ta avtomatik stansiya ulanadi.

Yangidan tashkil etiladigan maxsus laboratoriya esa PM2.5 kabi zararli mayda zarrachalarni chuqur tahlil qiladi. Laboratoriya kosmik tasvirlar, zamonaviy o‘lchov uskunalari va modellashtirish texnologiyalari asosida ifloslanish manbalarini aniqlash bilan shug‘ullanadi.

2026 yil 1-apreligacha xorijiy ekspertlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida «Yashil Toshkent» master rejasi ishlab chiqiladi. U poytaxtdagi barcha ekologiya yo‘nalishlarini bir tizimga birlashtirib, uzoq muddatli haftalik, mavsumiy va strategik chora-tadbirlar uchun asos bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda havo sifatini yaxshilash uchun sun’iy ko‘l va suv havzalari tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid