
Toshkentda talabalarni aldayotgan «ijarachi» firibgarlar paydo bo‘ldi
17.08.2025 | 17:4518413
O‘qish boshlanishi arafasida poytaxtga kelayotgan talabalar arzon uy e’lonlari orqali firibgarlar tuzog‘iga tushmoqda.

Toshkent shahar IIBB ma’lumoticha, internet orqali e’lon qilinayotgan uy ijarasi ortidagi firibgarlik holatlari ko‘paygan. Ular o‘zlariga tegishli bo‘lmagan xonadon suratlarini ijaraga taklif qilib, arzon narx qo‘yishadi. Talabalar va ularning ota-onalari bunday e’lonlarga ishonib, uyni saqlab qo‘yish yoki ikki oylik haqni to‘lash sharti bilan oldindan pul o‘tkazishadi. Biroq to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng firibgarlar aloqani uzib, yozishmalarda foydalanuvchilarni bloklaydi.
Poytaxt politsiyasi fuqarolarni uyni shaxsan ko‘rmasdan turib hech qanday to‘lov qilmaslikka chaqirmoqda. Ijara shartnomasini ham faqat uy egasi bilan shaxsan uchrashgach tuzish tavsiya qilinmoqda. Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarni tasdiqlanmagan shaxslarga yubormaslik zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, talabalar uchun davlat yotoqxonalariga ariza topshirish jarayoni 1 avgustdan boshlangan. Arizalar my.gov.uz portali orqali qabul qilinmoqda. Avvalo imtiyoz va ustuvorlikka ega talabalar joylashtiriladi, qolgan o‘rinlar esa kurslarga qarab taqsimlanadi.
Taqsimotga ko‘ra, birlamchi tartibda
1-kurs talabalari uchun 55–65 foiz,
2-kurs talabalari uchun 15–20 foiz,
3-kurs va yuqori kursdagilar uchun esa 20–25 foiz o‘rin ajratiladi. Arizalar oliygohdagi o‘quv yili yakunlanguncha qabul qilinadi.





