
Toshkentda tashlandiq joyda bog‘ barpo etgan fuqaro 82 mln so‘m jarimaga tortildi
Yashnabod tumanida tashabbuskor fuqaro yillar davomida bunyod etgan yashil hudud uchun 82,4 mln so‘m jarimaga tortildi. Unga hududni avvalgi — tashlandiq holatga keltirib qo‘yish buyurildi.

Toshkentning Yashnobad tumanidan bo‘lgan fuqaro Arsen Avanesyan ikki yildan ortiq vaqt davomida tashabbus sifatida tashlandiq yer o‘rnida bunyod etgan yashil hudud uchun 82,4 million so‘m jarimaga tortildi, deb xabar qilmoqda Podrobno.uz.
Mazkur hudud temiryo‘l yoqasidagi tashlandiq va qarovsiz bo‘sh yer bo‘lib, u o‘z hisobidan uni tozalash, ko‘kalamzorlashtirish va aholi uchun dam olish maskaniga aylantirishni maqsad qilgan.
U o‘z rejasini 2022 yilda boshlangan. Avanesyanning aytishicha, u minglab daraxt va ko‘chat ekkan, yo‘lkalar qurgan, hordiq chiqarish uchun o‘rindiqlar, yoritish tizimi, videokuzatuv va sug‘orish kommunikatsiyalarini o‘rnatgan. O‘rta hisobda 1500 dan ortiq ko‘chat ekilib, ularning yarmi suv ta’minoti muammolari sabab qurib qolgan. Shu bilan birga, 300 ga yaqin qo‘shni va mahalla aholisi hududni obod qilish ishlarida ixtiyoriy ishtirok etgan. Yillar davomida bu ishlarga umumiy 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ham sarflangan.
Avanesyan ishlarni boshlashdan avval mahalla qo‘mitasi bilan kelishilganini aytadi: «Qo‘shnilar bilan yig‘ilib gaplashdik, ular qo‘llab-quvvatladi. Xokimiyat ham xabardor edi», — deydi u.
Biroq mas’ul idoralar bu faoliyatni yer qonunchiligini buzish deb baholadi. Tekshiruvdan so‘ng tashabbuskorga 82,4 mln so‘m jarima qo‘llandi va hududni «avvalgi holati»ga — ya’ni, bo‘sh va qarovsiz yer ko‘rinishiga qaytarish talab qilindi.
Hozircha biror davlat organi yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha rasmiy izoh bermagan.





