
Toshkentda yangi aeroport ochildi
27.08.2025 | 23:0010993
Shavkat Mirziyoyev «Toshkent-Sharqiy» aerodromi negizida barpo etilgan yangi aeroportni borib ko‘rdi.

Bugun, 27 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni «Toshkent-Sharqiy» aerodromi negizida barpo etilgan yangi aeroportni borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Toshkent-Sharqiy» aerodromining qurilishi 2017 yilda boshlangan edi. Joriy yil qurilish o‘z yakuniga yetdi. Aeroportning umumiy maydoni 561 gektardan iborat. 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi va 3 ta harakatlanish yo‘li yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. 20 ta «havo kemasi»ga mo‘ljallangan perron barpo etildi. «Boeing 787», «A 320» kabi samolyotlar, biznes-jetlar hamda vertolyotlar uchun angarlar qurildi. Bu ularning qishda iliq, yozda salqin saqlanishi va xavfsizligini ta’minlaydi.
Aeroportda VIP va CIP terminallar bunyod etilgan. Oliy martabali mehmonlar zalida rasmiy kutib olish, muzokaralar va brifing o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Soatiga 100 nafar yo‘lovchini qabul qilish quvvatiga ega CIP terminalida do‘kon va ovqatlanish joylari bo‘ladi.
Muhimi, aeroport ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Bu noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish va qo‘nish imkonini beradi.
«Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi. Xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlar uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy aloqalar va xizmat ko‘rsatish sohasi yanada rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi», - deyiladi xabarda.





