
Toshkentda yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi
12.10.2025 | 22:006323
12 oktyabrdan boshlab Toshkentda 197-sonli yangi avtobus yo‘nalishi ishga tushirildi. U poytaxt markazini «Yangi Toshkent» hududi bilan bog‘laydi va kun davomida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, transport infratuzilmasini yaxshilash hamda poytaxt atrofidagi hududlarda tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan ishlar doirasida Toshkent viloyati va shaharini bog‘laydigan yangi avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur tashabbus Prezident rahbarligida 2025 yil 9 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning amaliy ijrosi sifatida amalga oshirilmoqda. Yig‘ilishda transport tizimini yaxshilash va aholining poytaxtga qulay qatnovini ta’minlash muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan edi.
Yangi 197-sonli avtobus yo‘nalishi 12 oktyabrdan ish boshladi. Yo‘nalish «O‘zbekiston mehmonxonasi» bekatidan start olib, «Yangi Toshkent» bekatigacha harakatlanadi.
Ushbu yo‘nalishda 9,5 metrli, o‘rta sig‘imli zamonaviy oq rangli Yutong avtobuslari qatnaydi. Ular soat 05:30 dan 22:50 gacha yo‘lovchilarga muntazam xizmat ko‘rsatadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yangi yo‘nalish nafaqat yo‘lovchilarga qulaylik yaratadi, balki poytaxt va yangi barpo etilayotgan ma’muriy markaz — «Yangi Toshkent» o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, bu yo‘nalishdagi qatnovlar aholi uchun kundalik ish, ta’lim va xizmat sohalariga tez yetish imkonini ham oshiradi.





