add

Toshkentda yangicha o‘lpon, «Anorbank» rahbarining shov-shuvli roli va birjada arzonlagan un — 18-noyabr dayjesti

Bugun 21:553924

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Toshkentda yangicha o‘lpon, «Anorbank» rahbarining shov-shuvli roli va birjada arzonlagan un — 18-noyabr dayjesti

Birjada un narxida sezilarli pasayish kuzatildi

«O‘zEkspo birja» ma’lumotlariga ko‘ra, 10–16-noyabr kunlari savdo faolligi biroz oshgan: barcha platformalarda 34 860 ta bitim tuzilib, bu avvalgi haftaga nisbatan 3,5 foizga ko‘p. Ularning 35,6 foizi birja savdolariga, qolgan qismi elektron tijorat tizimlariga to‘g‘ri kelgan. Ochiq birja savdolarida esa 12 393 ta bitim amalga oshirilgan.

Un bozorida sezilarli pasayish qayd etildi: birja orqali 10 637 tonna un sotilgan bo‘lib, bir tonnaning o‘rtacha narxi 4 mln 94,2 ming so‘mdan 3 mln 974,8 ming so‘mgacha tushgan. Polietilen narxida ham yengil pasayish kuzatilgan — bir tonnasi 16 mln 52,3 ming so‘mdan 16 mln 10,7 ming so‘mgacha tushgan. Un savdolarida har kuni o‘rtacha 118 nafar, polietilenda esa 74 nafar xaridor ishtirok etgan.

O‘zbekistonlik migrantlar yuborayotgan pul miqdori 4 barobarga oshdi

Prezidentga taqdim etilgan axborotga ko‘ra, o‘zbekistonlik migrantlar tomonidan yuborilayotgan pul miqdori so‘nggi yillarda keskin oshgan: 2016 yildagi 3,8 milliard dollarga nisbatan 2025 yilning o‘n oyi yakunida mablag‘lar hajmi 15,8 milliard dollarga yetgan — qariyb 4 barobar ko‘p. Bu o‘sish, ayni paytda chet elda ishlayotganlar soni kamaygan bo‘lsa-da, migrantlarning ko‘proq yuqori maoshli ish o‘rinlariga ketayotgani bilan izohlanmoqda. Prezident Mirziyoyev rahbarligidagi yig‘ilishda mehnat migratsiyasi jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tizimlashtirish va tartibga solish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hozirda 140 ming mutaxassisga talab mavjud ekani, ammo til va kasbiy malaka talablariga mos kadrlar yetishmayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan migratsiya xizmatlarini “yagona darcha” asosida birlashtirish, Uchtepada “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termizda “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi hamda Yashnobod tumanida nemis va yapon tillariga ixtisoslashgan o‘quv maktablari ochish belgilandi.

Toshkent bozorlarida tijoriy video/tasvirga olish pulli bo‘ldi

Toshkent shahar hokimi bozorlarda avtoturargohlarida yengil avtomobillar uchun yangi to‘lov tariflarini tasdiqladi. Unga ko‘ra, haftaning shanba va yakshanba kunlari uchun alohida, yuqoriroq to‘lov miqdorlari joriy etildi. Masalan, dam olish kunlari 3 soatgacha saqlash 25 ming so‘mni, 4 soatdan ortiq vaqt esa 50 ming so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, Toshkentdagi bozorlar va savdo komplekslari hududida tijoriy maqsadda (videorolik, reklama yoki klip) suratga olish uchun yangi to‘lov tartibi joriy etildi. Endilikda bunday turdagi video/tasvirga olishning bir soati uchun 5 000 000 (besh million) so‘m miqdorida to‘lov undiriladi.

Bu cheklov xorijiy turistlar hamda ommaviy axborot vositalariga tatbiq etilmaydi.

O‘zbekistonda aholi o‘sish sur’atlari sekinlashmoqda

O‘zbekiston doimiy aholisining o‘sish sur’ati 2025 yil 1-iyul holatida 2 foizni tashkil etdi. Markaziy bankning moliyaviy barqarorlik sharhiga ko‘ra, mamlakat aholisi 37,9 million kishiga yetgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1-oktabr holatida O‘zbekistonda har 1 km.kv. maydonga o‘rtacha 84,8 kishi to‘g‘ri kelgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 kishiga ko‘p.

Oxirgi yillardagi dinamika:

2021 yil — 78,1 kishi

2022 yil — 79,8 kishi

2023 yil — 81,5 kishi

2024 yil — 83,2 kishi

2025 yil — 84,8 kishi

Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi zichligi bosqichma-bosqich o‘smoqda, biroq umumiy o‘sish sur’ati nisbatan sekinlashmoqda.

Parijda «Anorbank» rahbarining «o‘g‘irlanishi» sahnalashtirilgani aytilmoqda

2025 yil yozida «Anorbank» rahbari Qahramonjon Olimovning Parijda «o‘g‘irlab ketilgani» haqidagi xabarlar juda shubhali ekani ma’lum bo‘ldi. L’Express va The Insider o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra, bu voqea haqiqiy jinoyat emas, balki oldindan uyushtirilgan ssenariy bo‘lishi mumkin. Chunki Olimov «meni o‘g‘irladi» degan odam bilan voqea kunlari Telegram’da do‘stona, xotirjam yozishmalar olib borgan. Hatto Olimovning Parijga qaytish samolyot chiptasi o‘sha «o‘g‘irlagan» deb ko‘rsatilgan shaxsning haydovchi kartasi bilan sotib olingan. Qiynoqlar haqida aytilganiga qaramay, tibbiy ko‘rik faqat mayda jarohatlarni qayd etgan.

Tekshiruv shuni ham ko‘rsatdiki, Olimov bir paytlar sobiq ish beruvchisi Botir Rahimovga qarashli katta kompaniyalar va bankni juda arzon narxda qo‘lga kiritgan. U Raximov va uning hamkori M.ga va’da qilingan 10 million dollar qarzni ham yillar davomida to‘lamagan. Shu sababli, «meni o‘g‘irlab ketishdi» degan voqea aslida Olimovning ikki kreditorni chetga surish, o‘zini «siyosiy ta’qib qurboni» sifatida ko‘rsatish va Yevropadan siyosiy boshpana olishga zamin yaratish uchun uyushtirilgan bo‘lishi ehtimoli katta.

Bu voqealar fonida Olimov asoschisi bo‘lgan Anorbankda ham jiddiy muammolar yuzaga kelgan: yuzlab mijozlarning pullari yo‘qolgan, bank mablag‘lari noqonuniy tarzda onlayn-qimor hisoblariga chiqarilgani aniqlangan, uning eng yaqin odamlaridan biri esa milliardlab mablag‘ o‘zlashtirishda gumonlanib qo‘lga olingan.

O‘zbekistonda xorijdagi harbiy harakatlarda ishtirok etish bo‘yicha 2022 yildan beri 338 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

O‘zbekistonda so‘nggi to‘rt yil ichida chet eldagi harbiy harakatlarda ishtirok etganlik bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari soni keskin oshgani ma’lum qilindi. «Uzoqdan izlangan baxt» hujjatli filmida keltirilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022–2025 yillar davomida Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) bilan bog‘liq 338 ta holat qayd etilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, 2022 yilda ushbu modda bo‘yicha 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 2023 yilda 68 ta, 2024 yilda 112 ta va 2025 yilda 139 ta holat qayd etilgan. Mutasaddilar ushbu dinamikani vaziyatning jiddiylashuvi va xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotgani bilan izohlaydi.

Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga muvofiq, yollanishda aybdor deb topilgan shaxslar besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda yangicha o‘lpon, «Anorbank» rahbarining shov-shuvli roli va birjada arzonlagan un — 18-noyabr dayjesti | Vaqt.uz