add

Toshkentdagi ko‘p qavatli uylardagi liftlarda 37 mingdan ortiq kamchilik aniqlandi

Bugun 11:151102

Toshkent shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylarda o‘rnatilgan 9 mingdan ziyod lift tekshiruvdan o‘tkazilib, ularning deyarli barchasida turli darajadagi nosozliklar qayd etilgan. Ma’lumot uchun, 2026 yil 1-iyuldan boshlab, texnik talablarga javob bermaydigan liftlardan foydalanish taqiqlanadi.

Toshkentdagi ko‘p qavatli uylardagi liftlarda 37 mingdan ortiq kamchilik aniqlandi

Poytaxtdagi 9 147 ta liftda jami 37 103 ta kamchilik aniqlangan. Bu haqda Milliy matbuot markazida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida «Sanoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan nazorat-profilaktika tadbirlari» mavzusidagi matbuot anjumanida xabar berildi.

Qo‘mita raisi Olimjon Jo‘rayevning aytishicha, qurilish sohasi, kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlar, attraksionlar va liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarda muntazam tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Joriy yil boshidan buyon 121 ta nazorat tadbiri va 10 mingdan ortiq profilaktik ishlar amalga oshirilgan, 1 145 ta qonunbuzarlik holati aniqlanib, 135 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarda o‘rnatilgan 9 147 ta lift tekshiruvdan o‘tkazilib, ularda 37 103 ta nosozlik aniqlangan. Hozirda bu ma’lumotlar «Xavfsiz lift» platformasiga kiritilgan.

«Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan qabul qilingan reglamentga muvofiq, liftlarning texnik holatini jamoatchilikka xabardor qilish maqsadida lift kabinasiga yashil (yaroqli), moviy (qisman nosoz), sariq (nosoz) va qizil (foydalanish uchun xavfli) stikerlar yopishtiriladi. Mazkur texnik reglamentlarni 2026 yil 1-iyuldan kuchga kirishi inobatga olib, barcha nosoz liftlardan foydalanish taqiqlanadi. Poytaxtimiz fuqarolarini avariya va baxtsiz hodisalardan himoya qilish va ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida 6 844 ta texnik sinovdan o‘tmagan liftga «Lift texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan» yozuvli yorliqlar yopishtirildi», – dedi O.Jo‘rayev.

8 sentabr kuni Chilonzor tumanida «Do‘mbirobod City» qurilish maydonida kran qulash oqibatida bir kishi halok bo‘lgani, ikki nafar ishchi og‘ir jarohat olgani ham qayd etildi. Bu kabi baxtsiz hodisalarni oldini olish uchun boshqarma kranlar va boshqa xavfli ob’ektlarda nazoratni kuchaytirgan.

Shuningdek, poytaxtdagi 205 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi ham tekshirilib, ularning katta qismida sanoat xavfsizligi bo‘yicha hujjatlar to‘liq emasligi aniqlangan. Madaniyat va istirohat bog‘laridagi 263 ta attraksionning ham aksariyatida pasport yoki mas’ul shaxslar yo‘qligi sababli bir qismi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Avvalroq, O‘zbekistonda o‘rnatilgan liftlarning 78 foizi texnik sinovdan o‘tkazilmaganligi haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentdagi ko‘p qavatli uylardagi liftlarda 37 mingdan ortiq kamchilik aniqlandi | Vaqt.uz