add

Toshkentdagi pivo festivali, 1 trln so‘m sof foyda va havoga tarqalgan vodorod peroksidi — 21 iyul dayjesti

21.07.2025 | 22:0027879

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Toshkentdagi pivo festivali, 1 trln so‘m sof foyda va havoga tarqalgan vodorod peroksidi — 21 iyul dayjesti
«Milliy bank» yarim yillikda 1 trln so‘m sof foydaga erishdi 2025 yilning birinchi yarim yilligida «Milliy bank» 1 trln so‘m sof foyda qayd etib, so‘nggi ikki yil ichidagi eng yaxshi moliyaviy natijani qayd etdi. Bankning foizli daromadlari 15,3 foizga o‘sib, 8,4 trln so‘mga, foizsiz daromadlari esa 22,5 foizga oshib, 5,2 trln so‘mga yetdi. Shu bilan birga, foizsiz xarajatlar 16,6 foizga kamaydi, foizli xarajatlar esa 23,9 foizga ortdi. «Milliy bank» foyda va barqarorlik bo‘yicha O‘zbekiston bank sektorida yetakchilikni saqlab kelmoqda. Bank 418 mln dollarlik xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi, kredit reytingi S\&P va Fitch tomonidan oshirildi. 1 iyun holatiga ko‘ra, uning kredit portfeli 108,5 trln so‘mga, depozitlari esa 42 trln so‘mga yetdi — bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham u bozorda yetakchi hisoblanadi.   Olmazor tumanidagi omborxonada havoga kimyoviy modda sizib chiqdi 21 iyul kuni tungi soat 03:00 atrofida Olmazor tumanidagi omborxonadan vodorod peroksidi moddasi havoga sizib chiqdi. Bu modda boshqa elementlar bilan reaksiyaga kirishib, aholi salomatligi uchun xavfli bo‘lgan zaharli tuman shakllantirdi. Favqulodda vaziyatlar xizmati soat 04:00 ga kelib holatni bartaraf etganini bildirgan bo‘lsa-da, «Air.Tashkent» platformasi havo ifloslanishini «o‘ta xavfli» darajada baholagan. Ifloslanish darajasi 01:00 dan 06:00 gacha 500dan 328ga tushgan. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Hozirda FVB mutasaddilari tomonidan voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qo‘shimcha ma’lumotlar rasmiy manbalar orqali e’lon qilinadi.   «Shahar bedarvozami?» — MTDP raisi o‘rinbosari Toshkentda bo‘lib o‘tgan pivo festivali o‘tkazilganini qoraladi MTDP raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova Toshkentda o‘tkazilgan pivo festivaliga qarshi chiqib, bu kabi tadbirlar jamiyatning milliy an’analariga zid ekanini ta’kidladi. U o‘z chiqishida, bir daraxt kesilishiga jamoatchilik qattiq e’tiroz bildirsa-da, pivo festivaliga nisbatan sukut saqlanayotganini tanqid qildi. Muhammadjonovaga ko‘ra, bu festival — shunchaki tadbir emas, balki xalqning o‘zligini inkor etish va madaniy cheklovlarni yo‘qqa chiqarish sari qadam bo‘lib, bunday tadbirlar yigit-qizlar orasida arzon alkogol iste’molini ommalashtiradi. Muhammadjonova pivo festivalini faqat biznes tashabbusi yoki turizm rivoji bilan asoslashni qabul qilmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkinlik madaniyatsizlik bilan aralashsa, bu o‘zlikni yo‘qotishga olib keladi. Shu bois, jamoat joylarida spirtli ichimliklarni ommaviy targ‘ib qilishga cheklov bo‘lishi shart. Siyosatchi yoshlar orasidagi zararli illatlar ortib borayotganini qayd etib, jamiyat ana shunday xatarli ildizlarga qarshi ham birlashishi lozimligini bildirdi.   Toshkent shahar sudi jurnalist Anora Sodiqovani yoqladi. Bloger Mirsaid Haydarov ma’naviy zarar uchun 25 mln so‘m tovon to‘laydi 21 iyul kuni Toshkent shahar sudi jurnalist Anora Sodiqova foydasiga qaror chiqarib, bloger Mirsaid Haydarov (Mufassa)ni ma’naviy zarar uchun 25 million so‘m tovon to‘lashga majbur qildi. Sud shuningdek, blogerni jurnalistdan ochiqcha uzr so‘rash va haqoratli postlarni o‘chirishga majbur etdi. Bu qaror avvalgi — Sodiqovaning da’vosini rad etgan tumanlararo sud qarorini bekor qildi. Anora Sodiqova sud qarorini ijobiy baholab, bu jurnalistlarni haqorat qilish jazosiz qolmasligi haqida jamiyatga kuchli signal bo‘lishini ta’kidladi. Shu bilan birga, u adolat to‘la qaror topmaganini, Toshkent viloyati hokimligi vakilining jazodan qutulib ketganini tanqid qildi va kerak bo‘lsa, avvalgi sudyaga qarshi ham da’vo qo‘zg‘atish niyatida ekanini bildirdi.   Hasanboy Do‘smatov 7-g‘alabacini qo‘lga kiritdi Ikki karra Olimpiya chempioni Hasanboy Do‘smatov Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan jangda filippinlik raqib Mark Antonioni 8 raundlik bahsda mag‘lub etib, professional boksdagi 7-g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Hakamlar bir ovozdan g‘alabani o‘zbekistonlik sportchiga berishdi. Bu natija Do‘smatovning formasi yuqori ekanini yana bir bor tasdiqladi. Uning murabbiylari buni kelgusidagi chempionlik jangi uchun muhim qadam sifatida baholamoqda. Hasanboy hanuz mag‘lubiyatsiz ringga chiqib kelmoqda va muxlislar uning har bir jangini qiziqish bilan kuzatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid