
Toshkentdagi pulli parkovkalar narxi Markaziy Osiyoda eng balandligi ma’lum bo‘ldi
13.10.2025 | 16:3010653
Vaqt.uz tahliliga ko‘ra, Markaziy Osiyo poytaxtlari ichida eng qimmat avtoturargoh Toshkentda — bir soatlik «parkovka» uchun 12 ming so‘m to‘lanadi. Qo‘shni shaharlarda bu narx 2–4 ming so‘m atrofida.

Vaqt.uz Markaziy Osiyoning yirik shaharlaridagi pullik avtoturargohlar narxlarini solishtirdi. Tahlil natijalariga ko‘ra, Toshkentda bir soatlik «parkovka» uchun to‘lanadigan to‘lov qo‘shni davlatlar poytaxtlariga nisbatan bir necha barobar yuqori.
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bir soatlik avtoturargoh xizmati uchun 100 tenge (taxminan 2200 so‘m) to‘lanadi. Hukumat qarorlariga ko‘ra, dam olish va bayram kunlarida to‘lovsiz to‘xtab turish mumkin.
Olmaotada ham soatlik parkovka uchun 100 tenge (2200 so‘m) to‘lanadi. Bu Ostona bilan deyarli bir xil tarif bo‘lib, shaharda to‘lovlar faqat elektron tizim orqali amalga oshiriladi
Bishkek shahrida to‘lov miqdori 30–60 som (4150 so‘mdan 11000 so‘mgacha) bo‘lib, bu narx to‘xtash hududiga bog‘liq ravishda farq qiladi. Shuningdek, elektromobillar egalari uchun 50 foizli chegirma amal qiladi. Yakshanba va bayram kunlari esa avtoturargohlardan foydalanish mutlaqo bepul.
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida esa avtoturargohlar uchun dastlabki 10 daqiqa bepul, undan keyin har bir soat uchun 3 somoniy (taxminan 3930 so‘m) to‘lanadi. Tungi soat 22:00 dan 07:00 gacha parkovka tekin hisoblanadi. To‘lov faqat elektron usullarda — QR-kod, mobil bank ilovasi yoki SMS orqali amalga oshiriladi.
Toshkent esa 12 ming so‘mlik tarif bilan mazkur ro‘yxatda eng yuqori o‘rinni egallaydi. Bu narx qo‘shni mamlakat poytaxtlaridagi avtoturargohlar to‘lovidan bir necha barobar qimmat bo‘lib, hozircha mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.





