
Toshkentga Xitoydan 202 ta yangi elektrobus olib kelindi
14.10.2025 | 08:0012243
Yangi Yutong elektrobuslari uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan 102 ta quvvatlash stansiyasi ham olib kelindi. Ular tez orada poytaxtdagi 34 yo‘nalishda qatnay boshlaydi.

O‘zbekiston Transport vazirligining ma’lum qilishicha, 13 oktyabr kuni Toshkent shahrida 202 ta yangi Yutong elektrobusi va 102 ta zaryad stansiyasini qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Elektrobuslar Xitoydan yetkazilgan bo‘lib, ularning ishlab chiqaruvchisi tomonidan uch yillik kafolat berilgan.
Vazirlik ta’kidlashicha, ekologik toza elektrobuslar poytaxtdagi atmosfera holatini yaxshilashga va jamoat transporti tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Yangilangan avtobus parki tufayli havoga chiqadigan zararli moddalar hajmi har oy 93,3 tonnaga kamaygan.
Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilgacha Toshkentdagi jamoat transportida elektrobuslar ulushi 50 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Yangi Yutong avtobuslari yengillashtirilgan korpus va yuqori sig‘imli akkumulyatorlar bilan jihozlangan bo‘lib, ular tez orada poytaxtning 34 yo‘nalishida harakatni boshlaydi.
Ishlab chiqaruvchi zavod bonus sifatida ikkita qo‘shimcha avtobus va ikkita zaryad uskunasi yuborgan. Elektrobuslar uch yil ichida texnik nosozlik yuz bersa, zavod kafolati asosida ta’mirlanadi.
Toshkent shahar transport tizimini modernizatsiya qilish doirasida 2026 yilda yana 1000 ta yangi avtobus sotib olinishi rejalashtirilgan. Ular orasida 30 ta 18 metrli yirik avtobus, 500 ta 12 metrli katta avtobus va 470 ta 9 metrli o‘rta sig‘imli avtobus hamda elektrobus bo‘ladi. Yangi texnika 48 ta yo‘nalishda harakat qiladi va ular uchun «Yangi Toshkent» hududida uchta avtopark tashkil etiladi.





