
Toshkentga yangi aeroport, Samarqandga tezyurar yo‘l — katta infratuzilma harakati boshlandi
01.08.2025 | 21:2011072
Hozirda loyiha xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi kutilmoqda va xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabar qilinishicha, Toshkent shahriga avia yo‘lovchilar oqimi 2030 yilda 15 millionga yetishi kutilmoqda. Lekin bunga hozirgi aeroportning quvvati yetmaydi. Shahar ichida joylashgani sababli uni kengaytirish imkonsiz. Shu bois Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Muqobil avtomagistrallar va tezyurar yo‘llar loyihalari ustida ishlar boshlangan. Xususan, Toshkent—Samarqand yo‘nalishida qurilishi rejalashtirilayotgan tezyurar yo‘l loyihasiga qator xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirmoqda.
«Davlatimiz rahbari ushbu strategik infratuzilmalarni puxta o‘ylab loyihalashtirish va tezroq amaliy bosqichga o‘tish zarurligini ta’kidladi», deyiladi xabarda.





