
Toshkentning ayrim ko‘chalarida tezlik chegarasi 80 km/hʼgacha oshirilishi mumkin
12.08.2025 | 21:2029753
Poytaxt YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov Toshkentning beshta asosiy ko‘chasida transport vositalari uchun maksimal tezlik chegarasini 80 km/hʼgacha oshirish taklifi berilganini ma’lum qildi.

12 avgust kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari shahar kengashi yig‘ilishida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov poytaxt yo‘l harakati tizimida bir qator o‘zgarishlar taklif qilinganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish, Toshkent halqa yo‘li va Yangi O‘zbekiston ko‘chalarida maksimal tezlik chegarasini 80 km/hʼga oshirish taklifi hokimlikka kiritilgan. Eslatib o‘tamiz, 2023 yil aprelida shaharlardagi umumiy tezlik chegarasi 70 km/hʼdan 60 km/hʼga tushirilgan edi.
Bundan tashqari, 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakatlanish joriy etish taklifi ham muhokama qilinmoqda. Alimovning ta’kidlashicha, bu choralar mahalliy va xorijiy tajribalar tahlili asosida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, tirbandlikni kamaytirish va harakat xavfsizligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Yig‘ilishda poytaxtdagi svetoforlarning elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab tez-tez ishlamay qolishi masalasi ham ko‘tarildi. Alimov bu muammoga barham berish uchun 500 ta markaziy chorrahadagi svetoforlarga UPS (uzluksiz quvvat manbai) o‘rnatishni taklif qildi. Bu uskunalar elektr uzilgan taqdirda ham 5–6 soat davomida ishlay oladi.
Deputatlar yangi tezlik chegarasi qachon kuchga kirishi haqida so‘raganida, Alimov hokimlik va mutasaddi tashkilotlar qaroridan so‘ng rasman e’lon qilinishi haqida javob bergan.





