
Toshkentning yangi aeroporti, Samarqandda mollar o‘limi va foizsiz qarz — 12 avgust dayjesti
12.08.2025 | 22:0036918
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Bozorlarga qasddan o‘t qo‘yiladimi? Bakirov sabablarni taxmin qildi
Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, bozorlarda yong‘in chiqishiga nafaqat olov manbalari, balki tizimli muammolar ham sabab bo‘lishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, mulk huquqining yetarlicha himoya qilinmasligi, ochiq va shaffof yer bozorining yo‘qligi hamda qonun doirasidan tashqarida saqlanib qolgan an’analar yong‘in xavfini kuchaytiradi.
«Ilgari yomon o‘tgan zamonda bozorlar kamroq yonardimi, bilmayman, balki xabar kamligidan shunday o‘ylaganmiz, balki anomal issiq bo‘lmaganidan, balki bozorni yonib ketishidan ko‘chirib yuborib, o‘rnini egallash osonroq bo‘lganidan, kim biladi endi», - deya yozgan u.
Toshkentning yangi xalqaro aeroporti qayerda qurilishi ma’lum bo‘ldi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan «Hokimlik soati» yig‘ilishida yangi xalqaro aeroport O‘rta Chirchiq tumanida joylashishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aeroport 1 200 hektar yer maydonida quriladi. Shu bilan birga, Bekoboddan Bo‘ka, Piskent va Nurafshon orqali poytaxtga olib boradigan temiryo‘l qurish ham rejalashtirilgan.
Hokimning ta’kidlashicha, agar aeroport O‘rta Chirchiqda qurilsa, loyihani amalga oshirishda davlat qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga tayyor. Yangi aeroport qurilishi haqidagi ilk ma’lumot 1 avgust kuni Prezident matbuot xizmati tomonidan berilgan edi.
«Dermatit»mi yoki «go‘balak»? — Samarqandda mollar o‘limiga sabab bo‘layotgan kasallik chorvadorlarni xavotirga solmoqda
Samarqand viloyatida chorva mollari orasida dermatit yoki «go‘balak» deb ataladigan teri kasalligi tarqalgani haqida mahalliy chorvadorlar va veterinarlar xabar bermoqda. Ularga ko‘ra, kasallik ayrim hollarda mollarning nobud bo‘lishiga olib kelmoqda va davolash xarajatlari katta mablag‘ talab qilmoqda. Ayrim chorvadorlar kasal mollarini arzon narxga kolbasa sexga topshirishga majbur bo‘lgan. Veterinarlar bu xastalik asosan hasharotlar orqali yuqishini va oldini olish uchun emlash tadbirlari olib borilayotganini aytishdi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot kotibi Anvar Suyunov esa bu xavotirlarni «asossiz» deb baholab, voqeani ayrim chorva jalloblari va «noinsof vetvrachlar»ning mol narxini tushirish uchun tuzgan «o‘yini» sifatida talqin qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda dermatit deb taxmin qilingan kasallik aslida yengil shakldagi «go‘balak» bo‘lib, arzon dori bilan davolanadi. Shu yo‘l bilan mollar arzonga sotib olinib, keyin qimmatga qayta sotilayotgani aytildi.
O‘zbekiston talabalari Rossiyaning xavfli hududiga yuborilayotgani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, Toshkent davlat tibbiyot universiteti (oldingi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ning bir guruh talabalari Rossiya Federatsiyasining Nijniy Novgorod shahridagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborilmoqda. Mazkur shaharda harbiy holat e’lon qilingan bo‘lib, u so‘nggi kunlarda Ukraina hujumlariga uchragan hudud sifatida qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 11 avgust kuni Nijniy Novgorod viloyatida joylashgan sanoat zonasiga Ukraina tomonidan zarba berilgan. Hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgani rasmiy ma’lumotlarda qayd etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda oldingi rektor o‘qishni Qozog‘istonga ko‘chirishni va’da qilgani, ammo yangi rektor Shuhrat Baymuradov bu qarorni amalga oshirishdan bosh tortgani aytiladi.
Aholiga subsidiya o‘rniga foizsiz qarz beriladi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ularning o‘rnini foizsiz qarzlar — ssudalar egallaydi. Bu o‘zgarish mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanish hamda ularning belgilangan muddatda qaytarilishini ta’minlash uchun joriy etilmoqda. Shu yo‘l bilan davlat mablag‘laridan foydalanishda mas’uliyat oshishi kutilmoqda.
Joriy yilda 6 turdagi subsidiya aynan foizsiz ssuda shaklida beriladi. Mablag‘lar faqat belgilangan maqsad uchun yo‘naltiriladi va shartnoma asosida belgilangan vaqtda qaytariladi.





