
Toshkentning yangi xalqaro aeroporti qayerda qurilishi ma’lum bo‘ldi
12.08.2025 | 18:4036763
1 200 gektar maydonda quriladigan aeroport uchun joy tanlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi xabar berdi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan «Hokimlik soati» yig‘ilishida yangi xalqaro aeroport O‘rta Chirchiq tumanida joylashishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aeroport 1 200 hektar yer maydonida quriladi. Shu bilan birga, Bekoboddan Bo‘ka, Piskent va Nurafshon orqali poytaxtga olib boradigan temiryo‘l qurish ham rejalashtirilgan.
Hokimning ta’kidlashicha, agar aeroport O‘rta Chirchiqda qurilsa, loyihani amalga oshirishda davlat qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga tayyor. Yangi aeroport qurilishi haqidagi ilk ma’lumot 1 avgust kuni Prezident matbuot xizmati tomonidan berilgan edi.
Rejaga ko‘ra, 2030 yilga kelib Toshkent shahrida aviayo‘lovchilar oqimi 15 million nafarga yetishi kutilmoqda. Hozirgi aeroport bu hajmdagi yo‘lovchilarni qabul qilish imkoniyatiga ega emas, deyilmoqda. Holbuki yaqin-yaqingacha Toshkentda yangi aeroport qurishga zaruriyat yo‘qligi, terminallarni kengaytirish evaziga mavjud imkoniyatlardan foydalanib turish haqida gapirilgan, shu maqsadda hattoki Toshkent aeroportiga olib o‘tuvchi yo‘l o‘tkazgich ko‘prik 511 milliard so‘mga ta’mirlangan edi.
Endi esa shahar ichida joylashgani sababli mavjud aeroportni kengaytirish imkoni yo‘qligi, shuning uchun yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oluvchi yangi xalqaro aeroportni viloyat hududida qurish rejalashtirilgani haqida gapirilmoqda. Hozir davlat-xususiy sheriklik doirasida xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq, Toshkentda quriladigan yangi aeroport qanday bo‘lishi haqida xabar bergan edik.





