add

Tovar bozorlaridagi qulash global bozorlarni larzaga soldi

Kecha 17:303 daqiqa

Kevin Uorshning AQSH Federal zaxira tizimining keyingi rahbari sifatida tanlanishi sababli tovar bozorlari keskin pasaydi. Bu xavfli aktivlarda sotuvni kuchaytirib, qimmatbaho metallarni ketma-ket ikkinchi sessiyada ham keskin tushirishga olib keldi.

Tovar bozorlaridagi qulash global bozorlarni larzaga soldi

Bugun, 2-fevral kuni tovar bozorlari keskin pasaydi. Qulashda oltin, kumush, neft va sanoat metallaridagi katta yo‘qotishlar yetakchilik qildi. Bunga Kevin Uorshning AQSH Federal zaxira tizimining keyingi rahbari sifatida tanlanishi sabab bo‘ldi – bu xavfli aktivlarda sotuvni kuchaytirib, qimmatbaho metallarni ketma-ket ikkinchi sessiyada ham keskin tushirishga olib keldi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

Oltin narxi 5 foizga tushib, ikki haftadan ortiq vaqt ichidagi eng past darajaga yetdi. Kumush esa o‘tgan hafta rekord qiymatlarga chiqqanidan keyin 7 foizdan ko‘proqqa arzonladi.

Neft qariyb 5 foizga tushib, ko‘p oylik maksimumlardan pasaydi. London metall birjasida (LME) mis narxi esa 3 foizga kamaydi.

«Qimmatbaho metallar AQSH aksiyalari bilan birga sotilayotgani bozorlar Uorshni nisbatan “qattiqqo‘l” (hawkish) deb baholayotganini ko‘rsatadi», – dedi Avstraliya Hamdo‘stlik banki (CBA) tovar bozorlari strategiyasi bo‘yicha mutaxassisi Vivek Dxar.

Qattiqqo‘l Federal zaxira tizimi foiz stavkalari uzoq vaqt davomida yuqori darajada qolishini anglatadi. Bu dollarni qo‘llab-quvvatlaydi va oltin hamda kumushni ushlab turishning alternativ qiymatini oshiradi, natijada ularning jozibadorligi pasayadi.

«Kuchli AQSH dollari ham qimmatbaho metallarga, shuningdek, neft va bazaviy metallar kabi boshqa tovarlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda», deya qo‘shimcha qildi Dxar.

Shunga qaramay, u to‘rtinchi chorak uchun oltin narxi bo‘yicha 6000 dollar prognozini saqlab qolmoqda.

30-yanvar kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Federal zaxira tizimining sobiq boshqaruvchisi Kevin Uorshni may oyida Jerom Pauell o‘rniga Markaziy bank rahbari etib tanladi. Bu aksiyalar va tovar bozorlarida keng ko‘lamli sotuvni qo‘zg‘atib, dollar kursini oshirdi.

Osiyo bozorlarida aksiyalar ham Uoll-strit fyucherslari ortidan keskin pasaydi. Qimmatbaho metallardagi betartib sotuvlar markaziy banklar yig‘ilishlari, korporativ hisobotlar va iqtisodiy ma’lumotlar bilan to‘la hafta boshida investorlarni jiddiy xavotirga soldi.

Sotuvlar tezlashdi

Qimmatbaho metallardagi sotuvlar «CME Group» metall fyucherslari bo‘yicha marja talablarini oshirganidan keyin yanada tezlashdi. Bu qaror 2-fevral kungi savdo yopilishidan kuchga kirdi.

Marja talablarining oshirilishi, odatda, tegishli kontraktlar uchun salbiy omil hisoblanadi: kapital xarajatlarining ortishi spekulyativ ishtirokni cheklaydi, likvidlikni kamaytiradi va treyderlarni pozitsiyalarni yopishga majbur qiladi.

Pasayish 2-fevral kuni boshlangan edi: spot bozorda oltin 1983 yildan beri kuzatilmagan eng keskin bir kunlik qulaishni ko‘rsatib, 9 foizdan ko‘proqqa arzonladi. Kumush esa tarixdagi eng katta kunlik pasayishni qayd etib, 27 foizga quladi.

«Bugun oltinda kechayotgan pozitsiyalarni yopish ko‘lamini 2008 yildagi global moliyaviy inqirozning eng og‘ir kunlaridan beri ko‘rmaganman», – dedi «IG» bozor tahlilchisi Toni Sikamor.

U bu jarayonni yelka bilan ochilgan pozitsiyalarning majburiy yopilishi, stop-orderlar zanjiri va vahimali sotuvlar bilan izohlab, o‘sha notinch davrlarni esga solishini ta’kidladi.

2-fevral kuni energetika bozorlarida ham narxlarga bosim o‘tdi. Bunga Trampning dam olish kunlari aytgan, Eron Vashington bilan «jiddiy muzokaralar» olib borayotgani haqidagi so‘zlari sabab bo‘ldi. Bu OPEK a’zosi bo‘lgan Eron bilan mojaro chiqishi xavfini pasaytirdi.

Shuningdek, Eron Islom Inqilobi Qo‘riqchilari Korpusining harbiy-dengiz kuchlari Hurmuz bo‘g‘ozida jonli o‘q otish mashqlarini o‘tkazishni rejalashtirmayotgani haqidagi xabarlar ham deeskalatsiya alomatlaridan biri.

Mis va temir rudasi bozorlari esa zaxiralar yuqoriligi va talabning sustligi haqidagi xavotirlar tufayli bosim ostida qoldi. Bu holat dunyodagi eng yirik sanoat va ommaviy metallar xaridori bo‘lgan Xitoyda 15-fevraldan boshlanadigan Oy yangi yili bayrami arafasida kuzatilmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, bayram oldidan oxirgi iste’molchilar tomonidan talab va bitimlar faolligi past bo‘lishi kutilmoqda.

Boshqa tovarlar orasida Tokio birjasida rezina qariyb 3 foizga arzonladi, Chikago bozorida bug‘doy va soya narxlari esa taxminan 1 foizga tushdi.

«Asosiy savol – bu tovar narxlaridagi strukturali pasayishning boshlanishimi yoki oddiy korreksiya xolosmi? Biz buni fundamental burilish emas, balki xarid qilish imkoniyati sifatida ko‘ryapmiz» – dedi «CBA»dan Vivek Dxar.

Teglar

Mavzuga oid