
Toyota, Mitsubishi va NEC: Prezident Yaponiya sanoat gigantlarini O‘zbekistonga taklif qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturiga muvofiq, ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Ryosey Akazava, “Sojitz”, “Sumitomo”, “Toyota”, “ITOCHU”, “Mitsubishi”, “Marubeni”, “Daito Trust Construction”, “NEC”, “SBI Holdings”, “Ajinomoto”, “Japan Tobacco”, “Hitachi”, “Mitsui”, “Balcom”, “NEC”, “Eurus Energy”, “Chubu Electric Power”, “Shikoku Electric”, “Shimizu”, “Hankyu Travel International”, Yaponiya metall va energetika sohasida xavfsizlik tashkiloti (JOGMEC), Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya eksport va investitsiyalarni sug‘urtalash kompaniyasi (NEXI), Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO), Yaponiya MDH mamlakatlari bilan savdo bo‘yicha assotsiatsiyasi (ROTOBO), “Norinchukin” va “SBI Shinsei” banklari, Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi kabi yirik korporatsiyalar va moliya institutlarining top-menejerlari ishtirok etdi.
Davlat rahbari uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, yapon ishbilarmonlarining bunday nufuzli tarkibi tomonlarning bir-biriga bo‘lgan yuksak ishonchi va iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishga doimiy qiziqishidan dalolat ekanini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Yaponiya kompaniyalari ilgari asosan pudrat loyihalarida ishtirok etgan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotiga faol investitsiya kiritib, qo‘shma korxonalar yaratmoqda, boshqaruv, texnologiyalar transferi va milliy kadrlarni tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan mazkur o‘zgarishlar natijasida Yaponiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy va texnologik sheriklaridan biriga aylandi.
Savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham ijobiy sur’at kuzatilmoqda: oxirgi sakkiz yilda tovar ayirboshlash 2 baravar, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalarining soni esa 10 karra oshdi. Energetika, sog‘liqni saqlash, geologiya, axborot texnologiyalari, infratuzilma va boshqa ustuvor sohalarda mustahkam kooperatsiya o‘rnatildi.
Uchrashuvda Prezident mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, so‘nggi 8 yil ichida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2 baravarga oshdi. 2030 yilga qadar mamlakatni o‘rta darajadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiritish vazifasi qo‘yilgan.
Davlat rahbari Yaponiya ishbilarmonlarini sanoatlashuvni tezlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish jarayonlarida faol ishtirok etishga taklif qildi.
Shu ma’noda, Yaponiya ishbilarmon doiralari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Energetik barqarorlikni ta’minlash va «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish, xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalari va zaxiralash tizimlarini rivojlantirish, iqtisodiyotda «uglerod izi»ni kamaytirish shular jumlasidan.
Qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini shakllantirgan holda o‘ta muhim minerallarni chuqur qayta ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mashinasozlik va sanoat uskunalarini rivojlantirish, zamonaviy yuqori texnologiyali sanoatlashgan iqtisodiyotni shakllantirish istiqbolli yo‘nalishlar qatorida qayd etildi.
Axborot texnologiyalarini rivojlantirish, jumladan, sun’iy intellekt va raqamlashtirish dasturlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yana bir muhim yo‘nalish – zamonaviy maxsus iqtisodiy zonalarni yaratib, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish orqali ularni yuqori texnologiyali va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish hamda sanoat kooperatsiyasi markazlariga aylantirish.
Misol uchun, JICA ko‘magida Yaponiya modeli va standartlari asosida maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Davlat rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston Yaponiyani nafaqat investor, balki kelajak sanoatini barpo etishda o‘zining strategik hamkori sifatida bilishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qat’iy intilishini bildirdi hamda ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish borasidagi rejalarini bayon etdi.





