add

Tramp 1 oktyabrdan e’tiboran dorilar va mebelga 100 foizlik boj joriy etmoqda

27.09.2025 | 09:0026064

AQSH prezidenti 1 oktyabrdan AQSHda import dorilar, mebel va yuk mashinalariga yuqori boj joriy qilinishi haqida e’lon qildi.

Tramp 1 oktyabrdan e’tiboran dorilar va mebelga 100 foizlik boj joriy etmoqda
Donald Tramp 2025 yil 1 oktyabrdan mamlakatga kiritiladigan bir qator tovarlarga yuqori miqdorda bojlar joriy etilishini bildirdi. Yangi tartibga ko‘ra, dorilar, mebel turlari va og‘ir yuk mashinalari yuqori tariflarga duch keladi. Prezidentning ta’kidlashicha, choralar ichki ishlab chiqaruvchilarni «tashqi bosim va haddan tashqari raqobat»dan himoya qilishga qaratilgan. Yangi qoidaga ko‘ra, import yuk mashinalariga 25 foizlik tarif qo‘llaniladi. Tramp bu chora bilan Peterbilt, Kenworth, Freightliner, Mack Trucks kabi yirik ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanishini aytdi. «Yuk mashina haydovchilari moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lishi kerak. Bu nafaqat iqtisodiy, balki milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham juda muhim», — deya ta’kidladi u. Kuxnya shkaflari va vanna xonasi mebeliga 50 foizlik boj, yumshoq mebelga esa 30 foizlik tarif joriy qilinadi. Eng qattiq chora farmatsevtika mahsulotlariga nisbatan ko‘rilmoqda — agar ishlab chiqaruvchi AQSH hududida zavod qurmasa, import dorilarga 100 foizlik tarif qo‘llaniladi. Biroq, allaqachon mahalliy ishlab chiqarishga investitsiya kiritgan kompaniyalar uchun istisnolar nazarda tutilgan. Ma’lumot uchun, Tramp 2025 yilda Oq uyga qaytgach, savdo siyosatida qattiq proteksionistik choralarni yo‘lga qo‘ydi. Avvaliga barcha import tovarlariga 10 foizlik bazaviy tarif joriy etilgan bo‘lsa, keyinchalik alohida mamlakatlar va tovar toifalariga 20–50 foizlik yuqori bojlar belgilandi. Prezidentning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar «iqtisodiy mustaqillik» g‘oyasiga asoslangan bo‘lib, tashqi savdo disbalansini qisqartirish va Amerika sanoatiga rag‘bat berishni ko‘zlaydi. «Faqat bojlar orqali AQSH iqtisodiyotiga chin ma’noda hayot berish mumkin», — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp 1 oktyabrdan e’tiboran dorilar va mebelga 100 foizlik boj joriy etmoqda | Vaqt.uz