
Tramp AQSHda metall importi bojlarini ikki barobar oshirishini e’lon qildi
31.05.2025 | 13:0018845
AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatdagi metall ishlab chiqarishini tiklash maqsadida po‘lat va alyuminiy importiga bojlarni 50 foizgacha oshirishini ma’lum qildi. Bu qaror Xitoyga bog‘liqlikni kamaytirish va ichki sanoatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan.

Donald Tramp Pittsburgdagi mitingda chiqish qilib, chegara ortidan keladigan po‘lat va alyuminiyga nisbatan amaldagi 25 foizlik bojni ikki barobarga oshirib, 50 foizga yetkazishini e’lon qildi. Yangi tartib kelayotgan chorshanba kunidan kuchga kiradi.
Uning ta’kidlashicha, bu chora mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, milliy zaxiralarni mustahkamlash va Xitoyga bo‘lgan bog‘liqlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Tramp Yaponiyaning Nippon Steel kompaniyasi bilan US Steel o‘rtasida 14 mlrd dollarlik investitsiyaviy hamkorlik rejalashtirilayotganini ma’lum qildi, ammo bu kelishuv hali tasdiqlanmaganini ham tan oldi.
Trampning qayd etishicha, ushbu hamkorlik natijasida ishchilar ishdan bo‘shatilmaydi, autsorsingga yo‘l qo‘yilmaydi va har bir ishchiga 5 000 dollar bonus to‘lanadi. Mahalliy ishchilar bu yangilikni iliq kutib olishdi. Pittsburg yaqinidagi Vashington shahri meri va US Steel ishchilar uyushmasi a’zosi JoJo Byordjess ushbu dastur yangi avlod po‘lat ishchilari uchun imkon yaratadi, degan umidda ekanini bildirdi.
Tramp bojlarni 2018 yilda 25 foizgacha oshirganini eslab, bu bilan US Steel kompaniyasini «qutqarganini» ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi 50 foizlik bojlar kompaniyaga «chegaradan o‘tib olish imkonini» butunlay yo‘qqa chiqaradi va Pensilvaniya po‘lati AQSH qurilishida yana bosh rol o‘ynaydi.
Shu bilan birga, bu qaror xalqaro savdoga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Xitoy va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar yanada taranglashgan. Jenevadagi muzokaralar ortidan Tramp Xitoyni bojlar bo‘yicha kelishuvga rioya qilmayotganlikda aybladi. AQSH savdo vakili Jamison Grir esa Xitoy kelishilgan noboj to‘siqlarni olib tashlamayotganini ma’lum qildi.
Yaponiya bilan kelishuv haqida ham Tramp aniq ma’lumot bermadi. Ammo AQSH rasmiylari Nippon Steel kompaniyasining Amerikadagi zavodlariga hukumat ishtirokini ta’minlash maqsadida sarmoya oshirishiga rozi bo‘lganini ma’lum qilishdi. Kompaniya rahbariyatida amerikaliklar bo‘lishi, ishlab chiqarish 10 yil davomida qisqartirilmasligi va keyingi davrda hukumatda bunday qarorlarni rad etish huquqi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.





