add

Tramp davlatlardan Tinchlik kengashida qolish uchun 1 milliard dollar to‘lashni talab qilmoqda

Bugun 19:303 daqiqa

Tramp bir qator dunyo yetakchilarini, jumladan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni yangi tashkil etilayotgan Tinchlik kengashiga ta’sischi davlatlar sifatida qo‘shilishga taklif qilgan.

Tramp davlatlardan Tinchlik kengashida qolish uchun 1 milliard dollar to‘lashni talab qilmoqda

Tramp ma’muriyati mamlakatlardan yangi tashkil etilayotgan Tinchlik kengashida (Board of Peace) doimiy o‘ringa ega bo‘lish uchun kamida 1 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratishni so‘ramoqda. Prezident Donald Tramp Tinchlik kengashining birinchi raisi bo‘ladi va kimlar a’zo bo‘lishini o‘zi hal qiladi, barcha qarorlar esa uning tasdig‘idan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Siyosatchilar Tramp o‘zi uzoq vaqtdan beri tanqid qilib kelayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotiga muqobil tuzilma yaratishga intilayotganidan xavotirda. Tinchlik kengashining maqsadi nizolardan jabr ko‘rgan hududlarda barqarorlikni targ‘ib qilish va mustahkam tinchlikni ta’minlashdir.

Bloomberg ko‘rib chiqqan yangi tashkilot nizomi loyihasiga ko‘ra, Donald Tramp uning ilk raisi bo‘ladi va a’zolikka taklif qilinadiganlarni shaxsan belgilaydi. Qarorlar ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi (har bir a’zo davlat bitta ovozga ega), biroq ularning barchasi rais tomonidan tasdiqlanishi shart.

«Har bir a’zo davlat ushbu Nizom kuchga kirgan paytdan boshlab ko‘pi bilan uch yil muddatga xizmat qiladi va bu muddat rais tomonidan uzaytirilishi mumkin. Uch yillik a’zolik muddati Nizom kuchga kirgan birinchi yil ichida Tinchlik kengashiga 1 000 000 000 AQSH dollaridan ortiq naqd pul mablag‘larini kiritgan a’zo davlatlarga nisbatan qo‘llanmaydi», - deyiladi hujjat loyihasida.

Ayrimlar Tramp BMTga raqib tashkilot tuzayotganidan xavotir bildirmoqda. Nizomda kengash «barqarorlikni targ‘ib qilish, ishonchli va qonuniy boshqaruvni tiklash hamda nizolardan jabr ko‘rgan yoki xavf ostida bo‘lgan hududlarda barqaror tinchlikni ta’minlashga intiluvchi xalqaro tashkilot» sifatida ta’riflangan. Tashkilot uchta a’zo davlat nizomni imzolashi bilan rasman ish boshlaydi. Shuningdek, hujjatda Tramp guruhning rasmiy muhrini tasdiqlash uchun ham mas’ul bo‘lishi aytilgan.

Tramp bir qator dunyo yetakchilarini, jumladan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevni yangi tashkil etilayotgan Tinchlik kengashiga ta’sischi davlatlar sifatida qo‘shilishga taklif qilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, bir nechta Yevropa davlatlari ham kengashga qo‘shilish uchun taklif olgan. Loyihada Trampning mablag‘larni shaxsan nazorat qilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bu kengashga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan aksariyat davlatlar uchun qabul qilib bo‘lmas shart hisoblanadi. Ba’zi davlatlar Tramp nizomiga keskin qarshi chiqmoqda va ushbu takliflarga jamoaviy rad javobini berish ustida ishlamoqda.

AQSH rasmiysi Bloomberg News agentligiga a’zolik bepul bo‘lishi mumkinligini, biroq 1 milliard dollarlik to‘lov doimiy a’zolik maqomini berishini tasdiqladi. Yig‘ilgan mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tinchlik kengashining mandatini bajarishga — G‘azoni qayta tiklashga sarflanadi. Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, kengash har bir dollar o‘z maqsadi yo‘lida ishlatilishini ta’minlaydi.

Nizom loyihasiga ko‘ra, Tinchlik kengashi ovoz berish yig‘ilishlarini yiliga kamida bir marta va «rais muvofiq deb topgan qo‘shimcha vaqt va joylarda» o‘tkazadi. Kun tartibi rais tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Tramp, shuningdek, a’zo davlatlarning uchdan ikki qismi veto qo‘ymasa, istalgan a’zoni chiqarib yuborish vakolatiga ega bo‘ladi. «Rais har doim o‘zining vorisini tayinlaydi», deyiladi nizomda.

Juma kuni Oq uy birinchi ijroiya panelini e’lon qildi. Unga Davlat kotibi Marko Rubio, Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakil Stiv Vitkoff, Trampning kuyovi Jared Kushner va Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Toni Bler a’zo bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid