
Tramp G7 sammitini erta tark etdi
17.06.2025 | 12:1548843
AQSH prezidenti Donald Tramp Kanadada o‘tayotgan G7 sammitida ishtirokini muddatidan ilgari tugatib, Vashingtonga qaytayotganini e’lon qildi. Oq uyning ma’lum qilishicha, prezident ushbu qarorni Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaroning kuchayishi bilan bog‘ladi.

Tramp sammit davomida «katta ishlar» tufayli tezda qaytishini ta’kidladi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishi chaqirilganini ma’lum qildi. AQSH mudofaa vaziri Pit Xegsetx mintaqadagi mudofaa salohiyatini kuchaytirish uchun qo‘shimcha harbiy kuchlar yuborilishini e’lon qildi. Biroq rasmiylar AQSH Isroilning hujum operatsiyalarida bevosita ishtirok etmasligini ta’kidlamoqda.
Tramp sammit chog‘ida Britaniya bilan yangi savdo kelishuvini imzoladi, ammo Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Meksika rahbari Klaudiya Sheynbaum bilan rejalashtirilgan uchrashuvlarda ishtirok etmaydigan bo‘ldi.
Prezident ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerakligini yana bir bor takrorladi va Tehron aholisini shaharni darhol tark etishga chaqirdi. Shu paytda Eron poytaxtida portlashlar va havo mudofaa tizimlari ishlagani haqida xabarlar tarqaldi. Isroilda ham Tel-Avivda tunda xavf signallari yangradi.
G7 sammiti ishtirokchilari Trampning ketishini to‘g‘ri qabul qilishdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «agar AQSH mojaroni to‘xtatishga erisha olsa, bu yaxshi natija», deb ta’kidladi.
Sammitning yakunida Eron-Isroil mojarosini yumshatish va tinch aholi muhofazasini ta’minlash haqida bayonot qabul qilinishi kutilmoqda edi. Ammo Tramp mazkur bayonotni rad etish niyatida ekani ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, Tramp sammitda Rossiyaning G8dan chiqarilishi «katta xato bo‘lganini» aytdi. Unga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin faqat unga gapiradi va bu mojaroda AQSHning ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega.





