add

Tramp grin-karta lotereyasini vaqtincha to‘xtatdi

Bugun 10:553382 daqiqa

AQSHdagi qotilliklardan so‘ng ma’muriyat immigratsiya siyosatida keskin qaror qabul qildi.

Tramp grin-karta lotereyasini vaqtincha to‘xtatdi

AQSH prezidenti Donald Tramp grin-karta lotereyasi dasturini vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda AP nashri xabar berdi.

Eng muhim sabab sifatida Braun universiteti va MIT(Massachusets texnologiya instituti)da sodir etilgan qonli hodisalar keltirilmoqda. Gumonlanayotgan shaxs mamlakat hududiga aynan shu dastur orqali kirib kelgani sababli AQSH grin-karta o‘ynash dasturini to‘xtatib turish qaroriga kelgan.

Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noyemning ma’lum qilishicha, Tramp AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmatlariga dasturni to‘liq to‘xtatish yuzasidan ko‘rsatma bergan. Uning ta’kidlashicha, gumonlanuvchi shaxs mamlakatga kirmasligi kerak edi va bu holat jiddiy xulosalar chiqarishni talab qiladi.

Rasmiylarga ko‘ra, Portugaliya fuqarosi Klaudio Nevesh Valente Braun universitetida ikki talabaning o‘limi, to‘qqiz kishining yaralanishi hamda MIT professori o‘ldirilishida gumon qilingan. 48 yoshli Valente hodisalardan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan holda topilgan.

AQSH prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, Valente 2017 yilda grin-karta lotereyasi orqali doimiy yashash huquqini olgan. Ushbu holat dastur orqali kelgan shaxslar tekshiruvi yetarli emasligi haqidagi bahslarni yanada kuchaytirdi.

Diversifikatsiya vizasi dasturi har yili AQSHda chet davlatlar fuqarolari uchun 50 mingtagacha grin-karta taqdim etadi. 2025 yil uchun qariyb 20 million kishi ariza topshirgan, shulardan oilasi bilan hisoblaganda 131 ming nafar chet davlat fuqarolari g‘olib sifatida tanlangan.

Mutaxassislar bu qaror Kongress tomonidan joriy etilgan dasturga daxl qilgani sababli sud nizolariga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Tramp esa ushbu lotereyaga avvaldan qarshi bo‘lib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHga kirish uchun viza cheklovi o‘rnatilgan davlatlar ro‘yxati 39 taga yetganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid