
Tramp Isroil va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda Putinni vositachi sifatida ko‘rishga tayyor
16.06.2025 | 09:2032575
Donald Tramp Isroil va Eron o‘rtasidagi keskin qarama-qarshilikni bartaraf etish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putinni vositachi sifatida jalb qilish imkoniyatini muhokama qilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Putin bu rolga tayyorligini bildirgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp ABC News bilan suhbatda Vladimir Putindan Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroni hal etishda vositachilik qilish yuzasidan taklif tushganini va u bu taklifga ochiq ekanini bildirdi. «U menga bu haqda qo‘ng‘iroq qildi. Biz uzoq suhbatlashdik», — dedi Tramp.
Trampning ta’kidlashicha, hozirgi bosqichda AQSH mojaroga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmagan, ammo eskalatsiya kuchaysa, aralashuv ehtimoli bor. Truth Social platformasida u ikki davlatni tinchlik kelishuviga chaqirdi va ilgari Hindiston hamda Pokistonni ham shunday kelishuvga majbur qilganini eslatdi.
Prezident shuningdek, o‘zining avvalgi prezidentlik davrida Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi mojaroni to‘xtatganini, Misr va Efiopiya o‘rtasidagi nizolarga barham berishda vositachi bo‘lganini qayd etdi. «Xuddi shunday, biz Isroil va Eron o‘rtasida ham tinchlikka erishamiz!» — dedi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi. Ushbu zarbalar yadroviy qurol ishlab chiqarishning oldini olish maqsadida amalga oshirilgani ma’lum qilingan. Isroil armiyasi Erondagi bir qator strategik ob’ektlarni, jumladan, yadroviy infratuzilmalarni nishonga oldi. O‘nlab yuqori lavozimli harbiylar va yadroviy olimlar halok bo‘lgani aytilmoqda.
Javob tariqasida Eron yuzlab ballistik raketalarni Isroilga qarata otdi. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida kamida 13 tinch fuqaro halok bo‘ldi, yuzlab kishi jarohat oldi.
15 iyun kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi Isroilni muzokaralarni buzishga urinishda aybladi va AQSHning hujumlarda ishtirok etmaganiga ishonmasligini bildirdi. Shu bilan birga, Eron yadroviy qurol ishlab chiqarishdan voz kechish to‘g‘risidagi kelishuvga tayyorligini, ammo tinch atom energetikasiga bo‘lgan huquqidan voz kechmasligini ta’kidladi.
Bu orqali Iran International nashri Ali Xomanaiy apparati rahbarining o‘rinbosari Ali Asqar Hijoziy Rossiya rasmiylari bilan mamlakatni tark etish imkoni haqida yopiq muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi. Moskva, xabarlarga ko‘ra, unga va oilasiga xavfsiz evakuatsiya kafolatlarini bergan.





