Tramp Kanada puliga qurilgan ko‘prikning ochilishiga qarshi chiqyapti

Prezident Tramp Kanadaning Ontario provinsiyasi bilan AQSHning Michigan shtatini bog‘laydigan «Gordie Howe International Bridge» ko‘prigi Ottava «AQSHga munosib adolat va hurmat bilan munosabatda bo‘lmaguncha» ochilmasligini aytyapti.

Tramp Kanada puliga qurilgan ko‘prikning ochilishiga qarshi chiqyapti

Oq uy AQSH prezidenti Donald Tramp va Kanada bosh vazir Mark Karni o‘rtasidagi «ochiq va bevosita» telefon suhbatidan so‘ng Kanadadan ikki davlatni bog‘laydigan yangi ko‘prik ustidan «vakolat va mulkchilikni bo‘lishish»ni talab qildi.

Tramp ijtimoiy tarmoqda Kanadaning Ontario provinsiyasi bilan AQSHning Michigan shtati o‘rtasini bog‘laydigan «Gordie Howe International Bridge» ko‘prigi Ottava «AQSHga munosib adolat va hurmat bilan munosabatda bo‘lmaguncha» ochilmasligini yozdi. Ko‘prik Kanadaning mablag‘lari hisobidan qurilgan, ammo u Kanada va Michigan tomonidan jamoat mulki sifatida boshqariladi.

Pulni Kanada to‘lagan

Bosh vazir Mark Karni 10-fevral kuni Tramp bilan «ijobiy» suhbat o‘tkazganini aytib, ko‘prik uchun to‘lovni Kanada amalga oshirganini eslatgan.

Karni, shuningdek, ko‘prik AQSH va Kanada ishchilari tomonidan, har ikki mamlakat po‘latidan foydalangan holda qurilganini ta’kidlagan.

«Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning ajoyib namunasi va uning ochilishini intizorlik bilan kutyapman», – dedi u Ottavada jurnalistlarga.

Uning aytishicha, Tramp AQSHning Kanadadagi elchisi, Michiganlik Pit Hukstradan «ko‘prik atrofidagi muloqotni yumshatishda ishtirok etish»ni so‘ragan.

Tramp norozi

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt telefon suhbatidan bir necha soat o‘tib jurnalistlarga Tramp ko‘prikning har ikki tomonidagi yer uchastkalari Kanadaning mulki bo‘lishini «qabul qilib bo‘lmas holat» deb hisoblashini aytgan.

«U (Tramp), shuningdek, AQSH kamida ko‘prikning yarmiga egalik qilishi, undan o‘tadigan harakat ustidan umumiy vakolatga ega bo‘lishi va AQSH foydalanishi natijasida hosil bo‘ladigan iqtisodiy manfaatlarda ishtirok etishi kerak, deb hisoblaydi», – dedi Oq uy voizi.

Tramp ko‘prik ochilishini qanday to‘sishi mumkinligi aniq emas, biroq u dastlabki bayonotida muzokaralar zudlik bilan boshlanishini aytgan.

«Kanada hukumati mendan, AQSH prezidenti sifatida, ularga «Amerikani ekspluatatsiya qilish»ga ruxsat berishimni kutyapti! Biz ularga bergan barcha narsalar uchun AQSH to‘liq kompensatsiya olmaguncha, bu ko‘prik ochilishiga yo‘l qo‘ymayman», – deb yozgan Tramp ijtimoiy tarmoqda.

U, shuningdek, sobiq prezident Barak Obamani qurilishni AQSH po‘latisiz boshlashga ruxsat berganlikda aybladi.

«Fox Business» telekanaliga bergan intervyusida Trampning savdo bo‘yicha rahbari Jeymison Grir prezident tilga olgan muzokaralar aynan ko‘prik masalasiga taalluqli ekanini, jumladan, to‘lovlar kabi iqtisodiy faoliyatdan tushadigan daromadlar AQSHga ham tegishli bo‘lishini ta’minlashga qaratilganini aytdi.

Detroytni Kanada bilan bog‘laydigan qo‘shni «Ambassador Bridge» ko‘prigiga egalik qiluvchi amerikalik Moruon oilasi Trampning birinchi muddati davomida yangi ko‘prik qurilishini to‘xtatishni so‘rab murojaat qilgan edi. Ular bu loyiha o‘zlarining boj to‘lovlarini yig‘ish bo‘yicha eksklyuziv huquqlariga zarar yetkazishini ta’kidlagan.

Shunga javoban, Tramp va o‘sha paytdagi bosh vazir Jastin Tryudo qo‘shma bayonot berib, ko‘prikni ikki davlat o‘rtasidagi «hayotiy iqtisodiy bog‘lam» deb atashgan.

Michigan gubernatori, demokrat Gretchen Uitmer ham Tramp tahdidiga qarshi chiqib, ko‘prik shtatda ish o‘rinlari uchun foydali ekanini aytdi.

«Bu loyiha ikki partiya va ikki davlat hamkorligining ajoyib namunasi bo‘ldi», – dedi uning matbuot kotibi Steysi LaRush CBC’ga.

Tramp 9-fevral kuni ikki davlat o‘rtasidagi so‘nggi savdo mojarolariga ham ishora qilib, «Kanada sut mahsulotlarimiz uchun belgilagan tariflar yillar davomida qabul qilib bo‘lmas darajada bo‘lib keldi», dedi.

U, shuningdek, o‘tgan oy Kanada va Xitoy o‘rtasida imzolangan savdo bitimi «Kanadani yo‘q qilib yuboradi» deb bayonot berdi.

Siyosatchilar nima deyapti?

Ontario provinsiyasi bosh vaziri Dug Ford Tramp–Karni suhbati haqida eshitganidan mamnun ekanini bildirib, ko‘prik rejaga muvofiq ochilishiga «ishonch» bildirdi. Uning fikricha, bu ikki mamlakat iqtisodiyoti manfaatlariga mos keladi.

Michigan senatori, demokrat Elissa Slotkin 9-fevral kuni «nihoyatda muhim infratuzilma loyihasi»ni yopish shtat iqtisodiyoti uchun «juda yomon» bo‘lishini aytdi.

«Bu qadam jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Michigan biznesi uchun yuqori xarajatlar, ta’minot zanjirlarining zaiflashishi va oxir-oqibat ish o‘rinlarining qisqarishi», – deb yozdi u X tarmog‘ida.

Muzokaralar va qurilishning dastlabki bosqichida lavozimda bo‘lgan Michiganning sobiq gubernatori Rik Snayder «Detroit News» gazetasidagi maqolasida bu kelishuvni «Amerika uchun ajoyib bitim» deb atadi.

«Ko‘prikni to‘xtatish yondashuvi, asosan, amerikaliklarga zarar yetkazadi», –dedi u.

Ko‘prik ochilishi

Detroyt daryosi ustidan o‘tgan va «Red Wings» jamoasida o‘ynagan marhum kanadalik xokkey afsonasi Gordi Xou nomi bilan atalgan ko‘prik joriy yil boshida rasmiy sinov va tasdiqlardan so‘ng harakat uchun ochilishi kutilmoqda.

Qurilish 2018 yilda boshlangan, ammo loyiha o‘n yildan ortiq vaqt davomida ikki davlat o‘rtasida tortishuvlarga sabab bo‘lib kelgan. Uning qiymati 6,4 milliard Kanada dollariga baholangan.

Ko‘prikni rivojlantirayotgan «Windsor-Detroit Bridge Authority» tashkiloti Kanadaning federal «Crown corporation»i bo‘lib, u davlatga to‘liq qarashli bo‘lsa-da, mustaqil faoliyat yuritadi.

Teglar

Mavzuga oid