
Tramp Kremlning yadroviy tovlamachiligini fosh etdi — The Telegraph
03.08.2025 | 14:462764
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga yaqin hududda ikkita atom suvosti kemacini joylashtirish orqali Dmitriy Medvedevning tahdidlariga keskin javob qaytardi. Bu qadam Moskva tomonidan qilingan yadroviy shantajga ochiqcha qarshi turish sifatida baholanmoqda.

The Telegraph nashrining yozishicha, Dmitriy Medvedev AQSH talablarini «urushga yetaklovchi qadam» deb baholab, yadroviy zarba bilan tahdid qilgan. Bunga javoban Tramp tomonidan yuborilgan atom suvosti kemalari Kremlning «yadroviy tovlamachiligi»ni fosh qildi. Ammo Rossiya tomoni bu hodisaga hozircha jim qolmoqda. Bu esa ba’zi ekspertlar tomonidan diplomatik usul bilan muammoni yumshatish urinishi sifatida talqin qilinmoqda.
Amerikalik tahlilchilar bu qarorni yadroviy strategiyadagi keskin burilish emas, balki siyosiy sahnadagi namoyish deb baholashmoqda. Shu bilan birga, AQSHning bu harakati Putinga bosimni kuchaytirish maqsadini ko‘zlamoqda. Chunki Tramp G‘arb tomonidan kelishuv sari qadamlar qo‘yilayotganiga qaramay, Putin hali ham Ukrainani muzokaralar asosida tark etishga tayyor emas, deb hisoblaydi.
Rossiyadagi kremlparast propagandasining vakillari Trampning bu qarorini «hayajon» va «beasos shovqin» sifatida tanqid qilgan. Boshqa tomondan, Dmitriy Medvedevning so‘nggi chiqishlari jamoatchilik nazarida uni marginal siyosiy figura sifatida ko‘rsatmoqda. The Insider tahririyatiga ko‘ra, Medvedevning ijtimoiy tarmoqdagi eng g‘alati postlari Toskanadagi vino yetishtiruvchi manzillardan yuborilgan yuklarning Moskvaga kelib tushishi ortidan kuzatilgan.
Uning alkogol iste’moliga ruju qo‘ygani haqidagi mish-mishlar so‘nggi o‘n yilda keng tarqalgan bo‘lib, bu holat so‘nggi vaqtda kuchaygan hujumlar va rasmiy tadbirlardagi uyqusirash holatlari bilan yanada oydinlashmoqda.
The Telegraph tahlilchilariga ko‘ra, Trampning asosiy nishoni Medvedev emas, Putinning o‘zi bo‘lgan. Chunki u so‘nggi harakatlari bilan AQSH prezidentini umidlaridan mahrum etdi. Agar 8 avgustgacha Ukraina masalasida jiddiy o‘zgarish bo‘lmasa, Tramp Rossiya ittifoqchilariga nisbatan yangi sanksiyalar va savdo cheklovlarini e’lon qilishini ma’lum qilgan.





