
Tramp ma’muriyati 1 350 nafardan ortiq diplomatni ishdan bo‘shatadi
13.07.2025 | 15:0023162
AQSH Davlat departamenti 1 350 nafardan ziyod xodimni ishdan bo‘shatishga qaror qildi. Bu haqda CNN xabar berdi. Qayd etilishicha, Prezident Donald Tramp ma’muriyati tashqi siyosatdagi ustuvorliklarni o‘zgartirish va ichki faoliyatni optimallashtirish maqsadida shunday islohotni amalga oshirmoqda.

Qaror asosida 1 107 nafar mahalliy va 246 nafar xorijiy xizmat xodimi bilan shartnoma bekor qilinadi. Davlat departamentining umumiy shtati 18 ming atrofida bo‘lib, taxminan 3 ming nafarga yaqin xodimni qisqartirish rejalashtirilgan. Bu raqamga o‘z xohishi bilan ishdan ketganlar ham kiradi.
Rasmiylar bu o‘zgarishlar samarasiz, bir-birini takrorlovchi bo‘limlar tufayli amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi. Maqsad — «tejamkorlikni oshirish va diplomatik vazifalarga diqqatni jamlash».
Prezident Tramp bu islohotni o‘zining «Avvalo Amerika» siyosati doirasida asoslab bergan. Biroq ayrim siyosatchilar bu qadamni keskin tanqid qilmoqda. Demokrat senator Tim Keynning ta’kidlashicha, ushbu qaror AQSHning tashqi raqiblar — xususan, Xitoy va Rossiyaga nisbatan diplomatik imkoniyatlarini zaiflashtiradi.
Shu bilan birga, davlat apparatini qisqartirish tashabbusi boshqa hukumat idoralari va tuzilmalarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin.





