
Tramp ma’muriyati Harvardni yangi xorijiy talabalarni qabul qilishdan mahrum etdi
23.05.2025 | 09:2045513
AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Harvard universitetiga yangi xorijiy talabalarni qabul qilishni taqiqladi. Bu qaror universitet va Homiylik xavfsizligi vazirligi o‘rtasida bir necha kunlik tortishuvlardan so‘ng qabul qilindi.

Vazirlik aprel oyida Harvardga xorijiy talabalarning «noqonuniy va zo‘ravon xatti-harakatlari» bo‘yicha hisobot taqdim etish talabini qo‘ygan va bunday hisobot taqdim etilmasa, xorijiy talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum etish bilan tahdid qilgan. Ushbu bayonotda 2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumidan so‘ng ayrim talabalar va professorlar Isroilga nisbatan ashaddiy tanqidlar bildirgani ta’kidlangan, deb yozadi The New York Times nashri.
Harvard universiteti bu kabi talablarga javob bermas ekan, vazirlik uni 53,2 mlrd dollarlik xazinasi bilan «hukumat qo‘llovisiz ham o‘zining noqonuniy harakatlarini moliyalashtirishi mumkin», degan bayonotni berdi. Shu sababli, agar universitet hisobot talablariga to‘liq amal qilmasa, xorijiy talabalarni qabul qilish imtiyozi yo‘qoladi.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Harvardda tahsil olayotgan xorijlik talabalar endi ta’lim muassasasini almashtirishi lozim, aks holda mamlakatda qonuniy bo‘lib turganlik maqomini yo‘qotishi mumkin. Harvardning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, universitetda 6800 nafar xorijlik ta’lim olmoqda va bu umumiy talabalar sonining 27 foizini tashkil etadi.
Bu Harvardga qarshi qo‘llanilayotgan yagona chora emas. Avvalroq AQSH Ta’lim vazirligi universitetni 2,2 mlrd dollarlik davlat mablag‘idan mahrum qilgan va 2,7 mln dollarlik ikki grantni bekor qilgan. Shuningdek, hukumat yangidan hech qanday grant ajratilmasligini ma’lum qilib, propalestin namoyishlariga chek qo‘yilishini va inklyuziv dasturlarni to‘xtatishni talab qilgan.





