
Tramp marixuanani og‘riq qoldiruvchi dorilarga tenglashtirmoqchi
Tramp Vakillar palatasi raisi Mayk Jonson bilan marixuana cheklovlarini yumshatish masalasini muhokama qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp federal darajada marixuana bo‘yicha amaldagi qat’iy cheklovlarni yumshatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.
Gazeta manbalariga ko‘ra, prezident bu masalani Vakillar palatasi raisi Mayk Jonson bilan telefon orqali muhokama qilgan. U federal idoralarga marixuanani I toifadagi moddalardan (suiiste’mol qilish ehtimoli yuqori, tibbiy maqsadlarda ruxsat etilmagan) III toifaga o‘tkazishni buyuradigan farmon chiqarmoqchi. Bu uni nazorat darajasi bo‘yicha ayrim keng tarqalgan og‘riq qoldiruvchi va retsept bilan beriladigan boshqa dori-darmonlarga tenglashtirib qo‘yadi.
«Bu qadam marixuanani qonuniylashtirish yoki jinoyat toifasidan chiqarishga olib kelmaydi, biroq tadqiqotlar uchun to‘siqlarni bartaraf etadi va qonuniy biznesning daromadini oshiradi», - deya yozdi WP.
The Washington Post ta’kidlashicha, ushbu ma’lumot tarqalishi bilan AQSHda birjadan tashqari savdolarda Amerika marixuana ishlab chiqaruvchilarining aksiyalari narxi keskin ko‘tarilgan. Tilray Brands aksiyalari 28 foizga o‘sdgan, SNDL, Canopy Growth va AdvisorShares Pure US Cannabis aksiyalari esa 12,5 foizdan 36,5 foizgacha ko‘tarilmoqda.
Hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan, biroq Tramp jamoasi islohotga jamoatchilik qo‘llab-quvvatlashi ortib borayotganini ko‘rsatuvchi so‘rovnoma natijalarini o‘rganmoqda. Bu qadam marixuanani federal darajada qonuniylashtirmaydi, ammo sanoat faoliyatini sezilarli darajada yengillashtiradi.





