
Tramp Meksika va YeI mahsulotlariga 30 foizli boj joriy etdi
13.07.2025 | 12:4535093
Yevrokomissiya javob choralari haqida ogohlantirdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Meksika va Yevropa Ittifoqidan keltiriladigan mahsulotlarga 30 foizlik qo‘shimcha boj joriy etilishini ma’lum qildi. Yangi tariflar 2025 yil 1 avgustdan boshlab amalga kiritiladi.
Trampning bayonotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi o‘z bozorini amerikalik ishlab chiqaruvchilar uchun ochishi kerak. Shu bilan birga, u Meksika hukumatiga AQSHga suqilib kirishga urinayotgan narkokartellarga qarshi yetarli chora ko‘rmayotgani uchun tanbeh berdi. Tramp bu haqda Meksika prezidenti hamda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenga rasman xabar berganini ma’lum qildi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ushbu qarorga keskin munosabat bildirib, uni Atlantika orqali tovar aylanmasining barqarorligiga tahdid sifatida baholadi. U Yevropa manfaatlarini himoya qilish uchun qarshi choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.
Mazkur boj qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlari va global savdo munosabatlariga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Xususan, avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kabi sohalarda savdo xarajatlari oshib ketishi ehtimoli bor. Xalqaro iqtisodchilar AQSHning proteksionist siyosatlari jahon bozorida yangi savdo mojarolarini keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.





