
Tramp: «Men to‘rt-beshta Nobelning tinchlik mukofotiga loyiqman, ammo ular faqat liberallarga beriladi»
22.06.2025 | 10:0044894
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zini Ruandadan tortib Hindiston–Pokiston urushigacha, hatto Ibrohim kelishuvlariga qadar bir necha tinchlik tashabbuslari uchun Nobel mukofotiga sazovor deb hisoblashini aytdi.

Donald Tramp yana bir bor xalqaro mukofotlarga nisbatan o‘ziga xos munosabatini bildirdi. Uning fikricha, u kamida to‘rt yoki besh bor Nobel tinchlik mukofotiga loyiq bo‘lgan, biroq mukofot siyosiy qarashlarga asoslangan holda faqat «liberallarga» beriladi.
Bu haqda Tramp jurnalistlar savollariga javob berar ekan, aytib o‘tdi. Unga sobiq kongressmen Mett Gets tomonidan bildirilgan taklif — agar Tramp vositachi sifatiad Eron–Isroil mojarosini tinchita olsa, u Nobel mukofotiga loyiq bo‘lishi eslatilganida, u o‘zini allaqachon bir necha tinchlik jarayonlarida hal qiluvchi shaxs sifatida ko‘rsatdi.
«Menga Ruanda, Kongo, Serbiya va Kosovo uchun mukofot berishlari kerak edi. Eng kattasi — bu Hindiston va Pokiston. Shuningdek, Ibrohim kelishuvlari (arab davlatlari va Isroil o‘rtasidagi tinchlik va hamkorlik kelishuvi) uchun ham menga mukofot berilsa arziydi. Lekin ular menga bermaydi, chunki bu mukofot faqat liberallarga nasib qiladi», — dedi Tramp.
Ma’lumki, 2024 yil yanvar oyida AQSH Kongressi a’zosi Klodiya Tenni Tramp nomzodini Nobel tinchlik mukofotiga ilgari surgan edi. Uning ta’kidlashicha, Tramp Isroil, BAA va Bahrayn o‘rtasida diplomatik munosabatlarni normallashtirgan «Ibrohim kelishuvlari»ga erishishda muhim rol o‘ynagan.
Ibrohim kelishuvlari 2020 yilda — Trampning birinchi prezidentlik muddatida imzolangan bo‘lib, Isroilning arab davlatlari bilan yaqinlashuviga yo‘l ochgan. Bu jarayon Tramp ma’muriyati davrida amalga oshirilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan muhim geosiyosiy voqelik sifatida baholangan edi.
Shu bilan birga, Trampning bu kabi da’volari avvalo siyosiy va media effektga qaratilgani ham tahlilchilar tomonidan qayd etilmoqda. Uning Nobel mukofotiga bo‘lgan munosabati, odatdagidek, bahslarga sabab bo‘ldi.





