
Tramp NATO davlatlariga: «Rossiyaga sanksiya qo‘llashim uchun ularning neftidan voz keching»
14.09.2025 | 10:0011104
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar masalasini NATOning harakatlariga bog‘ladi. U Moskvaga bosim uchun ittifoqdoshlardan rus nefti importdan voz kechishni talab qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llash masalasida NATO davlatlariga murojaat qildi. Uning ta’kidlashicha, agar ittifoqdoshlar Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatsa, Vashington Moskvaga nisbatan jiddiy iqtisodiy choralar ko‘radi.
«Men Rossiyaga qarshi qattiq sanksiyalar joriy etishga tayyorman. Ammo bunda NATOning barcha a’zolari birgalikda harakat qilishi va Rossiyadan neft xarid qilishni bas qilishi kerak», — dedi u Truth Social sahifasidagi bayonotida.
Tramp Yevropa ittifoqchilari tomonidan neft importi davom ettirilayotganini «hayratlanarli va AQSHning muzokaralardagi pozitsiyasini zaiflashtiruvchi omil», deb atadi. U o‘z bayonotida: «Men harakatga tayyorman. Faqat qachon ekanini ayting», — deya chaqiriq bilan chiqdi.
Prezident shuningdek, NATO davlatlariga Rossiya iqtisodiga bilvosita ta’sir ko‘rsatish uchun Xitoy tovarlariga 50–100 foizlik bojlar joriy etishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Xitoyga qaram va bunday bosim urushni tugatishi mumkin. Bojlarning bekor qilinishi esa faqat urush tugagandan keyin amalga oshirilishi mumkin.
«Agar NATO men aytganday ish tutsa, urush tezda tugaydi va minglab insonlar hayoti saqlanib qoladi. Aks holda, siz mening vaqtimni va AQSHning mablag‘lari hamda sa’y-harakatlarini behudaga sarflayapsiz», — dedi Tramp.
U shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning urushni to‘xtatmasligi va dronlarning Polsha hududiga kirib borishiga bo‘lgan noroziligini bildirdi. Agar vaziyat o‘zgarmasa, AQSH Rossiyaning bank tizimi va neft sanoatiga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishini ma’lum qildi.
Qayd etib o‘tish kerak, NATOga a’zo davlatlardan Vengriya va Slovakiya Rossiyadan neft xarid qilishda davom etmoqda va undan voz kechmoqchi emas. Qolaversa, bu mamlakatlar rahbarlari Viktor Orban va Robert Fitso RF prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarni saqlab qolishgan.





