
Tramp Polsha va Boltiqbo‘yini Rossiyadan himoya qilishga va’da berdi
21.09.2025 | 23:0031963
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan keskinlik kuchaysa, Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlariga yordam berishini bildirdi. Uning gaplari NATOda ham jiddiy muhokamaga sabab bo‘ldi.

Donald Tramp jurnalistlar bilan suhbatda, Rossiya chegarada eskalatsiyani davom ettirsa, AQSH bu holatga befarq qolmasligini ta’kidladi. Bu bayonot Estoniya Rossiya MiG-31 uchoqlari havo hududini buzganini aytib chiqqan paytga to‘g‘ri keldi. Moskva esa bu ayblovlarni rad etdi.
10 sentyabr kuni Polsha hududiga 20 ga yaqin dron kirgani xabar qilingandi. Varshava ularni Rossiyaniki deb baholagan va ba’zilarini urib tushirganini ma’lum qilgan. Keyinchalik Rossiyaning ikki qiruvchi uchog‘i «Petrobaltik» neft kompaniyasi platformasi ustidan pastda uchib o‘tgani ham qayd etildi.
Reuters nashrining yozishicha, Yevropa ittifoqchilari Vashingtonning ilk reaksiyasidan xavotirda. Ular Trampning dron hujumi haqidagi sukutli munosabatini NATO majburiyatlarini bajarishga nisbatan ehtimoliy sustkashlik sifatida ko‘rmoqda.
Tramp avvalroq Polsha havo hududini buzgan dronlar «xatolik natijasi bo‘lishi mumkin», degan edi. Estoniyaga oid holatda ham u «menga bu yoqmayapti, lekin bu katta muammoga aylanishi mumkin», degan javob bilangin cheklandi.
Shunga qaramay, oxirgi bayonotida Tramp AQSH Polsha va Boltiqbo‘yi xavfsizligini ta’minlashda qat’iy turajagini ma’lum qildi. Bu esa Vashingtondan kuchli signal kutayotgan Yevropa ittifoqchilari uchun muhim omil sifatida baholanmoqda.





