
Tramp Putin bilan uchrashuv oldidan Rossiyani yana maqtab chiqdi
12.08.2025 | 08:2044323
Donald Tramp Putinni faqat o‘zi bilan muzokara qilishga tayyor, deb ta’kidlab, Rossiyaning harbiy qudrati va tarixiy g‘alabalarini eslatdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinning AQSHga kelishini «hurmat ifodasi» deb baholab, Alyaskadagi uchrashuvni dastlabki muzokaralar sifatida ko‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki daqiqa ichida Putinning kelishuvga tayyor yoki tayyor emasligini anglay oladi va keyinroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qiladi.
Tramp Zelenskiyning konstitutsiya hududiy almashuvga yo‘l qo‘ymasligi haqidagi so‘zlarini tanqid qilib, «unga urush qilish mumkin, lekin hudud almashish mumkin emasmi?» deya savol berdi. U Rossiya qimmatli hududlarni, asosan dengiz sohillarini egallaganini, ularning bir qismini Ukrainaga qaytarishga harakat qilishini bildirdi.
Prezident Rossiyaning Napoleon va Hitler ustidan qozongan g‘alabalarini yodga oldi va Vengriya bosh vazirining Rossiyani urushda mag‘lub etish mumkin emasligi haqidagi fikrini keltirdi.
Shuningdek, Tramp rus tanklari Kiyevga 4 soatda yetib borishi mumkinligini, ammo noto‘g‘ri yo‘nalish tanlangani uchun loyga botib qolganini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Putin bu qaror uchun mas’ul generalni endi hech qanday buyruq berish huquqidan mahrum qilgan.
Aftidan, tramp 2022 yilda «Vostok» guruhini boshqargan general-polkovnik Aleksandr Chayko haqida gapirgan. U o‘sha yili may oyida lavozimidan chetlatilgan, 2024 yil dekabrida esa Suriyadagi Rossiya qo‘shinlari qo‘mondoni bo‘lib, bu mintaqada ham nazoratini yo‘qotgan.





