
Tramp Putinni aqldan ozgan, deb hisoblayotgan yagona odam emas — The Times
28.05.2025 | 09:203924
Donald Tramp Ukrainaning bombalanishi ortidan Vladimir Putinni «aqldan ozgan» deb ataganlar safida yagona emas. Buni avvalroq Trampning o‘ziga yaqin ayrim siyosatchilar va razvedka mutasaddilari tomonidan ham bildirilgan.

Britaniyaning The Times nashriga ko‘ra, Donald Tramp so‘nggi haftadagi Rossiya havo hujumlaridan so‘ng o‘zining Truth Social sahifasida Putinning xatti-harakatlarini tanqid qilar ekan, «u odamlarni behudaga o‘ldirmoqda» degan edi. Shu munosabat bilan The Times, Trampning bu xulosaga nega endi kelgani haqida savol qo‘yadi. Chunki yana 2022 yilning fevralidayoq AQSH Senatidagi razvedka bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Marko Rubio Putinning kognitiv salomatligi bilan bog‘liq muammolari haqida ogohlantirgan edi.
Rubioga ko‘ra, Putin doimo o‘zini his-tuyg‘ularini nazorat qilish qobiliyati bilan maqtanib kelgan. Ammo so‘nggi paytlardagi o‘ta ehtirosli va g‘azabli chiqishlari uning o‘zini tuta olmasligini ko‘rsatmoqda. Twitter’dagi postida u: «Afsuski, ayrim ma’lumotlar bilan o‘rtoqlasha olmayman, lekin ko‘pchilik uchun ochiq ayon: Putinning nimasidir noto‘g‘ri», — deb yozgan edi.
Bundan ikki yil o‘tgach, sobiq Fox News jurnalisti va Trampning yordamchisi bo‘lgan Taker Karlson ham Putin bilan suhbatdan so‘ng uning aqliy holati haqida shubhalar borligini aytgan.
The Times ma’lumotiga ko‘ra, Tramp prezidentlik davrida Putinga bir necha marta «kelishuv» taklif qilgan: Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish, iqtisodiy aloqalarni tiklash va sanksiyalarni qisman bekor qilish. Biroq yaqindagi telefon suhbatida Tramp Rossiyadan hech narsa talab qilmagan va Kiyevga to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara qilishni tavsiya qilgan. Bu suhbatdan so‘ng Rossiya armiyasi urush boshlanganidan buyon eng katta havo hujumini amalga oshirgan. Shuning ortidan Tramp ommaviy axborot vositalariga Putinning bunday xatti-harakatlarini tushuna olmayotganini aytgan.





