
Tramp: Putinning hududiy ambitsiyalari Ukraina bilan cheklamasligi mumkin
26.06.2025 | 08:0049734
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putinning hududiy ambitsiyalari faqat Ukraina bilan cheklanmasligini aytdi. Unga ko‘ra, Putin urushdan chiqishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.

Trampning ta’kidlashicha, u Putinni «chalkashlikda qolgan inson» deb hisoblaydi va uning Ukrainadagi urushni yakunlash istagi borligini taxmin qilmoqda. «Menimcha, u urushdan chiqishni xohlaydi, chunki bu unga katta muammo keltirmoqda», — dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Putin unga qo‘ng‘iroq qilib, Eron bo‘yicha yordam taklif qilgan, lekin Tramp undan «faqat Rossiya bo‘yicha yordam kerak»ligini aytgan.
Trampning ta’kidlashicha, besh oy avval prezidentlikka qaytganidan beri urushni to‘xtatish bo‘yicha harakat qilgan, lekin Putinning pozitsiyasi murakkab bo‘lgan. U, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham muammolar bo‘lganini aytdi. Shu bilan birga, u Putin bilan yana bir marta gaplashish niyatida ekanini ma’lum qilgan, lekin aniq sanani keltirmagan.
25 iyun kuni Donald Tramp NATO sammiti doirasida Zelenskiy bilan uchrashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda urushni to‘xtatish masalasi emas, balki Zelenskiyning fikrlariga va uning hozirgi holati o‘rganilgan. Trampning ta’kidlashicha, urushdagi talofatlar qattiq tashvish uyg‘otmoqda — o‘tgan haftada Rossiya va Ukraina armiyalaridan qariyb 7 ming kishi halok bo‘lgan.
Zelenskiy esa o‘z navbatida Patriot havo hujumidan himoya tizimlarini xarid qilish va dronlarni qo‘shma ishlab chiqarish imkoniyatlarini muhokama qilganini bildirdi. Shuningdek, u Rossiya bilan Istanbuldagi muzokaralar, asirlar va halok bo‘lganlar almashinuvi haqida ma’lumot bergan.
G‘arb harbiylari va siyosatchilari Putin NATOga hujum tayyorlayotganini tez-tez ta’kidlashmoqda. Ularga ko‘ra, 3–5 yil ichida Boltiqbo‘yi davlatlari — Latviya, Litva yoki Estoniya hujum nishonlariga aylanishi mumkin. Rossiya hozirda mudofaa xarajatlarini YAIMning 7 foizigacha oshirgan, Leningrad harbiy okrugida esa Finlandiya va Boltiqbo‘yi chegaralarida yangi bazalar, qurol omborlari va qo‘shinlarga boshqaruv markazlari qurilmoqda.





