
Tramp Putinning Valdayga hujum haqidagi bayonotiga ishonmadi
AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina Valdaydagi Vladimir Putin qarorgohiga dronlar bilan zarba bergani haqidagi Kreml bayonotlariga ishonmasligini ochiq bildirdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina Qurolli kuchlari Valdaydagi Vladimir Putin qarorgohiga zarba bergani haqidagi Kreml bayonotiga ishonmasligini ma’lum qildi. U bu haqda jurnalistlarga o‘z samolyoti bortida so‘zlab berdi.
«Men bu zarba bo‘lganiga ishonmayman. Yaqin atrofda nimadir sodir bo‘lgan, lekin bu qarorgoh bilan bog‘liq emas», — dedi Tramp. Uning ta’kidlashicha, qo‘shimcha tekshiruvlardan so‘ng AQSH ma’muriyati ushbu versiyani tasdiqlovchi dalillarni ko‘rmagan.
29-dekabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kiyev Novgorod oblastida joylashgan Putin qarorgohiga 91 ta dron bilan hujum uyushtirganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holat Rossiyaning AQSH bilan Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralardagi pozitsiyasiga ta’sir qilishi mumkin edi.
Tramp jurnalistlar savoliga javoban, nega avval Putin so‘zlariga ishonganini ham izohladi. «O‘sha paytda bu haqda boshqa ma’lumot yo‘q edi. Endi esa tekshirib chiqdik va bu voqea sodir bo‘lganiga ishonmaymiz», — dedi u.
Kreml Lavrov bayonotidan keyin dalillarni taqdim etishdan bosh tortgan va shubhalarni «aqlsizlik» deb atagan. Keyinchalik «The Wall Street Journal» nashrining yozishicha, MRB ham Rossiya tomoni taqdim etgan versiyaga ishonmagan. Manbalarga ko‘ra, Ukraina dronlari harbiy ob’ektni nishonga olgan bo‘lishi mumkin, ammo ular Putin qarorgohi joylashgan hudud yaqiniga uchmagan.
Shundan so‘ng Tramp «New York Post» gazetasida e’lon qilingan «Putinning “hujum” haqidagi jangovar bayonotlari aynan Rossiya tinchlikka to‘siq bo‘layotganini ko‘rsatadi» sarlavhali maqolaga havola qoldirgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa AQSH tomoniga urib tushirilgan dronlar yo‘nalishi va uni boshqarish ma’lumotlari yuborilganini aytib, zarba aynan Putin qarorgohiga qaratilganini isbotlashga urindi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Kreml bayonotlarini «feyk» deb atab, ularning maqsadi Ukraina va AQSH o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini izdan chiqarish ekanini ta’kidlagan edi.





