
Tramp Rossiya neftini xarid qilayotgan Hindistonga boj bilan tahdid qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp Hindiston Rossiya neftini xarid qilishni qisqartirmasa, hind tovarlariga yangi va yanada yuqori boj tariflari joriy etilishi mumkinligini bildirdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Hindiston hukumati Rossiya neftini xarid qilishni kamaytirish talabini bajarmasa, hind tovarlariga nisbatan qo‘shimcha boj tariflari joriy etilishi mumkinligini aytdi. U bu haqda yakshanba kuni jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida ma’lum qildi, deb yozmoqda «Reuters».
«Modi yaxshi yigit. U men norozi ekanimni va meni rozi qilish muhimligini yaxshi biladi», — degan Tramp Rossiya–Hindiston neft savdosiga izoh berib. AQSH prezidentining ta’kidlashicha, Moskvaga qarshi sanksiyalar va bojlarga qaramasdan, bu savdo haligacha davom etmoqda.
«Biz ular uchun tariflarni juda tez oshirishimiz mumkin», — degan AQSH rahbari.
O‘tgan yil avgust oyida AQSH Hindiston tovarlariga 50 foizli boj joriy qilgan edi. Shu summaning 25 foizi Rossiya neftini xarid qilish bilan bog‘langan. Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng Hindistonning Rossiyadan neft xaridi 60 baravardan ko‘proq o‘sib, eng yuqori nuqtada kuniga 2 million barrelga yetgan.
2025 yil noyabrda «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilganidan keyin yetkazib berish hajmlari keskin kamaydi. «Kpler» hisob-kitoblariga ko‘ra, dekabr oyida Rossiyadan Hindistonga neft importi kuniga 1,2 million barrelga tushib, so‘nggi uch yildagi eng past darajani ko‘rsatgan.
Shunga qaramay, Hindiston hali ham Rossiyaning «Urals» navli nefti uchun eng yirik xaridor bo‘lib qolmoqda. Bu neft urushgacha asosan Boltiq dengizi portlari orqali Yevropaga yetkazib berilgan.
«Reuters» manbalariga ko‘ra, yaqin oylarda Rossiya nefti oqimi yana qisqarishi mumkin. Chegirmalar barreliga 25 dollardan oshib, «Urals» narxi 35 dollargacha tushgan — bu pandemiyadan beri eng past ko‘rsatkich.
Manbalarning fikricha, Hindistlonda yanvar oyida Rossiyadan neft importi kuniga 1 million barreldan ham pastga tushishi mumkin. Hukumat neftni qayta ishlash zavodlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatma bermagan, ammo ular Rossiya va AQSHdan import hajmlari bo‘yicha har hafta hisobot taqdim etishga majbur etilgan.
Bu ma’lumotlarni shaxsan Narendra Modi talab qilgani aytiladi. U Tramp bilan yangi savdo kelishuvi tuzishga intilayotgani qayd etilmoqda.





