
Tramp tariflari global avtomobil bozorida narxlarni keskin oshirishi mumkin
11.08.2025 | 15:0042137
Trampning savdo siyosatidagi tariflari tufayli, yil oxirigacha dunyo bo‘ylab avtomobil va ehtiyot qismlar narxi sezilarli qimmatlashishi kutilmoqda.

AQSHda yangi avtomobillar narxlari hozircha barqaror turibdi. Sababi — yirik ishlab chiqaruvchilar sotuvlarni yo‘qotmaslik uchun tariflar yukini o‘z hisobiga qoplab kelmoqda. Ammo yil oxiriga kelib, ayniqsa, avtomobil va ehtiyot qismlariga 27,5 foizgacha yetishi mumkin bo‘lgan bojlar narxlarni sezilarli oshirishi mumkin, deb yozmoqda The New York Times nashri.
Hyundai va Genesis Motor North America rahbari Rendi Parker: «Biz tariflar tufayli narx oshirmadik va bu hali ham asosiy qoidamiz», — deydi. Bu siyosiy jihatdan Tramp ma’muriyatiga qo‘l keladi: yuqori narxlar inflyatsiyaga turtki bo‘lishi va saylovchilar noroziligini kuchaytirishi mumkin edi.
Biroq, KPMG eksperti Lenni LaRokkaning ta’kidlashicha, bunday yo‘l uzoq davom etmaydi. «Avtomobil narxlari kelasi yil boshida sezilarli oshishi ehtimoldan yiroq emas», — deydi u.
Hech bir kompaniya bojlar ta’siridan chetda emas. AQSHda yig‘ilgan avtomobillar ham import qismlarsiz ishlab chiqarilmaydi. General Motors, Toyota, Ford, Stellantis, Tesla, Mercedes-Benz va Volkswagen so‘nggi haftalarda foyda pasayishiga aynan tariflarni sabab qilib ko‘rsatdi.
Ford ikkinchi chorakda bojlar tufayli 800 mln dollar yo‘qotdi. General Motors esa bu yil tariflar sabab 5 mlrd dollar zarar ko‘rishi mumkinligini aytdi. Toyota 9,5 mlrd, Honda esa 3 mlrd dollar zararni hisoblagan.
Cox Automotive hisob-kitoblariga ko‘ra, bojlar import mashinalar qiymatiga kamida 5 ming dollar, AQSHda yig‘ilgan avtomobillarga esa 1 ming dollar qo‘shadi. Bu yil oxiriga qadar yangi avtomobilning o‘rtacha narxi 50 ming dollardan oshib ketishi mumkin.
Qimmatlashish ayniqsa arzon modellarga muhtoj xaridorlarga og‘ir tuyuladi. Masalan, Chevrolet Trax (Tracker) Janubiy Koreyada, Nissan Versa esa Meksikada ishlab chiqariladi.
Tramp ma’muriyati ayrim ishlab chiqaruvchilar uchun boshqa yo‘llar bilan ham yengillik yaratdi: atmosfera standartlari buzilishi uchun jarimalar bekor qilindi. Bu SUV va pikaplar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga imkon berdi. Shuningdek, AQSHda yig‘ilgan avtomobil uchun olingan kredit foizlarini soliqdan chiqarish huquqi berildi, ammo bu ko‘pchilik uchun faqat bir necha yuz dollar foyda keltiradi.
Shu bilan birga, Meksika va Kanada kabi asosiy avtomobil ta’minotchilariga yangi tariflar qo‘llanishi mumkinligi haqidagi tahdidlar ham saqlanib qolmoqda.
Xalqaro bozor va O‘zbekiston uchun ehtimoliy ta’sirlar
AQSHdagi tariflar va qimmatlashish tendensiyasi butun global avtomobil bozoriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki yirik ishlab chiqaruvchilar xarajatlarini qoplash uchun boshqa mintaqalarda ham narxlarni oshirishi ehtimoldan yiroq emas. Bu, ayniqsa, importga tayanuvchi davlatlar — jumladan, O‘zbekiston uchun muhim.
O‘zbekistonda yangi avtomobil bozorining katta qismi Chevrolet, Kia, Hyundai, Toyota va Volkswagen kabi brendlarga to‘g‘ri keladi. Ularning ayrimlari mahalliy yig‘ilish bilan ishlab chiqarilsa-da, ehtiyot qismlar va texnologiyalar ko‘p hollarda import qilinadi. AQSH va global yetkazib berish zanjirida narxlar o‘sishi ehtiyot qismlari qiymatini ko‘tarishi, bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchi va dilerlar uchun xarajatlarni oshirishi mumkin.
Shuningdek, valyuta kurslaridagi o‘zgarishlar va transport-logistika xarajatlarining o‘sishi ham umumiy narxlar dinamikasiga ta’sir qiladi. Natijada, 2025 yil oxiri — 2026 yil boshida O‘zbekistonda ham ayrim import avtomobillar va ehtiyot qismlar narxi sezilarli qimmatlashishi mumkin.





