add

Tramp uchinchi muddatga nomzod bo‘lolmasligidan afsusda

29.10.2025 | 12:053021

AQSH prezidenti Yaponiyadan Janubiy Koreyaga parvoz chog‘ida Konstitutsiyadagi cheklovlar sabab uchinchi prezidentlik muddatiga nomzod bo‘lolmasligidan afsus bildirdi.

Tramp uchinchi muddatga nomzod bo‘lolmasligidan afsusda

AQSH prezidenti Donald Tramp uchinchi prezidentlik muddatiga nomzod bo‘lish imkoniyati yo‘qligidan afsus bildirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u prezident samolyoti bortida Yaponiyadan Janubiy Koreyaga yo‘l olgan paytda jurnalistlar savollariga javob bera turib aytdi.

Trampga AQSH Kongressining vakillar palatasi spikeri Mayk Jonsonning so‘zlari haqida savol berildi. Jonson avvalroq Trampning uchinchi muddatga saylanish imkonini Konstitutsiya rad etishini aytgan edi.

«Menga uchinchi marta nomzodimni qo‘yishga ruxsat yo‘q. Nima bo‘lishini ko‘ramiz. Konstitutsiyani o‘qisangiz, men uchun bu aniq — nomzodimni ilgari sura olmayman. Bu juda taassufli», — dedi Tramp.

AQSH konstititutsiyasining 22-moddasiga ko‘ra, AQSH prezidenti lavozimiga faqat ikki marta saylanish mumkin. Jonsonning ta’kidlashicha, Tramp bu cheklovni yaxshi biladi.

Shu bilan birga, Tramp yaqinda bergan intervyusida uchinchi marta prezident bo‘lish haqida o‘ylamaganini, ammo AQSHda o‘zini hali ham katta qo‘llovga ega shaxs sifatida ko‘rayotganini ta’kidlagan.

Bugunroq Donald Tramp Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi. Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong bilan uchrashgan Tramp allaqachon KXDR va Janubiy Koreya o‘rtasidagi mojaroni hal qilishga va’da bergan.

«Men Koreya yarimorolida rasman urush holatida ekanliklaringizni bilaman, lekin buni hal qilish uchun nimalar qilish mumkinligini ko‘rib chiqamiz», — degan Tramp.

Tramp Koreyada Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (APEC) sammitida ishtirok etadi va Xitoy raisi Si Jinping bilan uchrashadi.

Teglar

Mavzuga oid